Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman tavsiyasi bilan Toshkentdagi reabilitatsiya markazi to‘liq rekonstruksiya qilindi
2022 yil 23 iyun kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) vakillari Toshkent shahar IIBBga qarashli Toshkent shahridagi “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi”ning to‘liq rekonstruksiya qilingan binosiga tashrif buyurishdi. Shu kuni Toshkent shahar IIBB tasarrufidagi Maxsus qabulxonaning yangi binosini ham foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda shahar va tuman kengashlari deputatlari ishtirok etishdi.

Qayd etish lozimki, 2021 yilda Ombudsman Kotibiyati xodimlari qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida mazkur Reabilitatsiya markaziga monitoring  tashrifini amalga oshirishgan edi. Unda mazkur Markazda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari bo‘yicha bir qator kamchiliklar aniqlangan edi va shu bo‘yicha tayyorlangan tahliliy maʼlumot Oliy Majlis palatalariga hamda zaruriy tavsiyalar mutasaddi vazirlik va idoralarga kiritilgan edi.

Ombudsman vakillarining reabilitatsiya markaziga amalga oshirgan ushbu tashrifida ular Markaz qiyofasi va sharoitlari tubdan o‘zgarganiga guvoh bo‘lishdi. Bino to‘liq rekonstruksiya qilingan ayollar va erkaklar yashash xonasi shinam va qulay yotoqlar bilan jihozlangan. Qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi taʼminlangan. Alohida yuvinish xonalari, yozgi va qishki oshxona qurilgan va yangi jihozlar bilan taʼminlandi.

Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, Reabilitatsiya markazida saqlanayotgan shaxslar har mavsum yangi kiyim-kechak va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlanmoqdalar.

Tashrif doirasida xalqaro standartlar asosida qurilgan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona binosi ham ko‘zdan kechirildi. Xonalar shinam, yorug‘, kerakli mebel jihozlari bilan taʼminlangan. Advokatlar va saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari alohida joylashgan. Qolaversa, maʼmuriy qamoqda saqlanayotganlar uchun sport maydonchasi qurib berilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati