Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili Rustam Kamalov qatnashib, tadbir ishtirokchilariga Ombudsman faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, mamlakatimizda insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi. Ayniqsa, inson huquqlarini taʼminlash borasidagi islohotlar bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq.
Uchrashuvda Harakatlar strategiyasining samarali amalga oshirilishi natijasida Ombudsman faoliyatining yana-da takomillashtirilgani, unga yuklatilgan huquq va vakolatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, 2019 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm instituti joriy etilgani va unga muvofiq Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilab berilgani taʼkidlandi.
Qayd etish lozimki, islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Davlat rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yana-da takomillashtirildi. Jumladan, Ombudsman huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish, qiynoqqa solish holatlarini ekspertlik baholash masalalari bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatildi.
Huquqiy targ‘ibot yig‘ilishida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qiynoq holatlarining oldini olish, bu illatga butunlay barham berish yuzasidan mamlakatimizda Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu bilan bir qatorda “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati yetkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati