Qayd etish lozimki, Vaqtincha saqlash hibsxonasi va viloyat IIB huzuridagi situatsion markaz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tartibda aloqa o‘rnatilgan.
Aniqlanishicha, ushbu vaqtincha saqlash hibsxonasida 68 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 17 ta kamera mavjud. Monitoring o‘tkazilgan kunda muassasada 48 nafar shaxs saqlanayotganligi aniqlandi. Ular orasida ayollar va voyaga yetmaganlar mavjud emas.
Monitoring tashrifida vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan 11 nafar shaxs bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida mahbuslar hibsxonadagi sharoitlardan va oziq-ovqat taʼminotidan shikoyatlari yo‘qligini bildirishdi.
Tergov harakatlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalarni ko‘zdan kechirish jarayonida, bu toifadagi xonalar videokuzatuv vositalari bilan jihozlangani va advokatlar istalgan vaqtda advokatlik so‘rovnomasi bilan tergov jarayonlarida tasvirga olingan videomateriallarni talab qilib olishi mumkinligi aytildi.
Hibsxonadagi advokat bilan uchrashuv xonalari kameradan holi bo‘lib, advokatlar bugungi kunda muassasada saqlanayotganlar bilan moneliksiz uchrashayotganligi aniqlandi.
Muassasadagi oshxona ko‘zdan kechirilganda vaqtincha saqlash hibsxonasiga autsorsing xizmati asosida tayyor taomlar keltirilib, hibsxonada saqlanayotgan mahkum va mahbuslarga yetkazib berilayotgani aniqlandi. Saqlanayotgan shaxslar bilan suhbat o‘tkazilganda oziq-ovqat taʼminotidan shikoyatlari yo‘qligini bildirishdi.
Muassasada saqlanayotganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish xonasi mavjud bo‘lib, shtat bo‘yicha bir nafar hamshira faoliyat yuritadi. Tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerakli dori-darmonlar mavjudligi aniqlandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati