Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Farg‘onada ozodlikka chiqqan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi uchun davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar haqida mahkumlarning huquqiy xabardorligi oshirildi
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 2022 yilning 22 iyul kuni Farg‘ona shahridagi 10-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkumlar bilan jamoaviy suhbat o‘tkazildi.

Uchrashuvda Farg‘ona shahar hokimligi huzuridagi Ijtimoiy ko‘nikma markazi rahbari A.Raximov, viloyat Ijtimoiy ko‘nikma markazi rahbar o‘rinbosari B.Madumarov, viloyat IIB probatsiya boshqarmasi MTB katta inspektori, kapitan Q.Rasulov, Farg‘ona shahar “Xo‘jamberdi” masjidi imom noibi N.Jo‘raboyevlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda mahkumlarning qonuniy huquqlarining taʼminlanishi, ijtimoiy moslashtirish, axloqan tarbiyalash, mehnatga o‘rgatishning shaffof va yana-da samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 iyuldagi “Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy-maishiy taʼminlash va ishga joylashtirish tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 543-sonli qarori ijrosini taʼminlash borasida Farg‘ona viloyatida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Hukumat qaroriga asosan bazaviy hisoblashning 6,0 barobarigacha miqdorida bir martalik moddiy yordam berib kelinayotgani ham qayd etildi.  

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29 iyun 2022 yildagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-299-sonli qarorining mazmun moxiyati to‘g‘risida yig‘ilganlarga maʼlumot berildi.

Mazkur qarorda ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va ularning bandligini taʼminlash, ijtimoiy moslashuviga hamda kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun sharoitlar yaratilgani maʼlum qilindi.

Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘rtab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha “dastlabki ijtimoiy moddiy yordam paketi”ni berish bo‘yicha joylarda tashkil etilgan idoralararo doimiy komissiyalar to‘g‘risida ham maʼlumot berib o‘tildi.

Uchrashuv davomida mahbuslar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob olishdi. 

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati