Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini takomillashtirish istiqbollari
2022 yilning 29 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani), xalqaro va milliy ekspertlar, Oliy sud, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Advokatlar palatasi, ilmiy hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Yoshlar ishlari agentligi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan bir guruh yoshlar qatnashdi.

Tadbirda Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusova yuvenal yustitsiya tizimida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning roli, mazkur institutga doir xorijiy tajriba va xalqaro standartlar, O‘zbekistonda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish istiqbollari, konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash zarurati kabi masalalarga doir maʼruza bilan ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi 4 ta maqsad bolalar himoyasi masalalariga qaratilgan. Xususan, “Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash” deb nomlangan 14-maqsadda “yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikatsiyalash” vazifasi belgilangan.

Eʼtiborli jihati, yuvenal yustitsiya ko‘plab xalqaro hujjatlarda bola huquqlarini taʼminlash sohasidagi asosiy institut sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Xalqaro standartlar va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimizda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish istiqbollarini aniqlash, shu jumladan, uning konseptual va bazaviy asoslarini Konstitutsiyada mustahkamlash – bu boradagi milliy amaliyotning rivojlanishiga zamin yaratadi.

Davra suhbati yakunida muhokamalarda bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga yuborish xususida kelishib olindi hamda mazkur sohani rivojlantirishga oid tadbirlarni amalga oshirishda parlament, davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va ilmiy hamjamiyat hamkorligini keng yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi haqida xulosaga kelindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati