Navbatdagi yig‘ilishda guruh aʼzolari “2022-2030 yillarda O‘zbekistonda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini noinstitutsionallashtirish strategiyasi” loyihasini muhokama qilishdi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, mazkur Strategiyaning ishlab chiqilishidan asosiy maqsad bolalarni tarbiyalash tizimining muassasa tarbiyasiga bog‘liqligini kamaytirish, bolalar va ularning oilalariga jamoatchilik asosidagi g‘amxo‘rlik qilishga o‘tish orqali har bir bolaning xavfsiz va g‘amxo‘r oila muhitida yashash huquqlarini taʼminlashdir.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani) Aliya Yunusovaning so‘zlariga ko‘ra, bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini noinstitutsionallashtirish jarayonida moliyaviy va inson resurslarini institutsional g‘amxo‘rlik qilishdan oila va jamoatchilik asosidagi yordamga qayta taqsimlanishi muhim ahamiyatga ega.
“Qolaversa, bolalar va oilalarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi kadrlarni tayyorlash, o‘qitish va qonuniy tuzilmalarga joylashtirilishi ham o‘ta dolzarb. noinstitutsionallashtirish jarayonida bolaning tug‘ilgan oilasini ham, uni tarbiyaga olgan oilani ham qo‘llab-quvvatlaydigan malakali kadrlarni tayyorlash bolaning xavfsiz va g‘amxo‘r oila muhitida yashash huquqlarini taʼminlanishiga xizmat qiladi” – Aliya Yunusova, O‘zbekiston Respublikasi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil.
Shuningdek yig‘ilishda bolalar institutlashgan muassasalarini bosqichma-bosqich yopish, shu bilan birga, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hajmi ham shunga mos ravishda o‘sib borishi kerakli masalasi Strategiyasining asosiy maqsadlari sifatida belgilangani qayd etildi.
Yig‘ilish doirasida mamlakatda bolalarni institutsionallashtirishdan chiqarishni amalga oshirish uchun amaliy va tezkor qo‘llanma sifatida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi ham muhokama qilindi.
Qayd etish lozimki, “2022-2030 yillarda O‘zbekistonda Bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini noinstitutsionallashtirish strategiyasi” va tegishli yo‘l xaritalari bo‘yicha olingan takliflar Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) tomonidan umumlashtirilib, loyihaga kiritilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati