Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyatidagi “Xo‘jaqulobod”, “Toshquloq”, “Ko‘ksaroy” mahallalari faollari uchun sayyor qabul tashkil etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayevga Viloyatning Xatirchi tumani “Xo‘jaqulobod”, “Toshquloq”, “Ko‘ksaroy” mahallalarida yashovchi fuqarolardan mahallada Ombudsmanning mintaqaviy vakili boshchiligida sayyor qabul o‘tkazilishi bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan edi.

Fuqarolarning mazkur takliflari asosida kuni kecha Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Xo‘jaqulobod”, “Toshquloq”, “Ko‘ksaroy” mahallalari faollari uchun Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayev, Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputatlari, “Yuksalish” umummilliy harakatining viloyat bo‘linmasi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda mahalla faollari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.

Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan qishloq oilaviy poliklinikasida qo‘shimcha davolanish o‘rinlari (koyka) sonini ko‘paytirish, elektr kuchlanishi pastligi, mahalla yo‘llarini shag‘allashtirish, yoritish chiroqlari o‘rnatish, ekinlarni sug‘orish maqsadida quduqlarni ishga tushirish, mahallalar hududini ko‘kalamzorlashtirish va boshqa masalalarni jamoatchilik va mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan hamkorlikda hal etish vazifasi o‘rtaga tashlandi.

Ushbu masalalar bo‘yicha mahallalar faollari, homiylar tomonidan zarur yordam ko‘rsatish taklifi bildirilgach, “Mening obod va fayzli mahallam” ijtimoiy loyihasi ilgari surildi. Loyiha doirasida yuqorida bildirilgan takliflar asosida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga start berildi.  

Loyihada o‘z mahallasi obodligiga befarq bo‘lmagan yoshlar, nuroniylar, tadbirkor va fermerlar faol ishtirok etishmoqda. Ushbu loyiha mahalliy davlat hokimiyati vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va barcha yo‘nalishlarda zarur ko‘mak ko‘rsatilishi taʼkidlandi.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati