Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning mintaqaviy vakili yordamida onasi tergov hibsxonasida bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar davlat himoyasiga olindi
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan fuqaro X.N. murojaat qilib, uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini va ular mahbusning otasi D.A. bilan birga yashayotganligini inobatga olib, farzandlari uchun otasini vasiy etib tayinlashda amaliy yordam so‘ragan.

Ushbu murojaat nazoratga olinib, o‘rganish uchun Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborilgan.

Ushbu murojaat Ombudsmanning mintaqaviy vakili, Qo‘shrabot tuman hokimligi va “SOS O‘zbekiston  Bolalar mahallalari” Uyushmasining  Samarqand  shahridagi filiali bilan hamkorlikda o‘rganildi. Murojaatchi X.N. bilan Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-sonli tergov hibsxonasida uchrashib murojaatdagi vajlari o‘rganib chiqildi.

Murojaatchi X.N.ning otasi D.A.ni bolalarga vasiy etib tayinlash uchun uning oilaviy sharoitlari o‘rganildi. aniqlanishicha, D.A.ning 2-turmush o‘rtog‘idan 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari bor va ular otasining qaramog‘ida. Bundan tashqari, murojaatchi X.N.ning yana 3 nafar farzandining kunlik ehtiyojlari uchun uyda moddiy sharoitlar mavjud emas.

Yuqoridagilarni inobatga olinib, Murojaatchi X.N.ning 3 nafar farzandlari Qo‘shrabot tuman hokimligi hamkorligida “SOS O‘zbekiston  Bolalar mahallalari” Uyushmasining Samarqand shahridagi filialiga joylashtirildi.

Murojaatchi X.N.ga 3 nafar farzandi “SOS O‘zbekiston  Bolalar mahallalari” Uyushmasining Samarqand shahridagi filialiga joylashtirilganligi, u yerning yashash sharoilari yaxshi ekanligi, farzandlari yozgi lager va bog‘chaga borayotganligi to‘g‘risida maʼlumotlar berildi. Farzandlari davlat himoyasiga olingani va ularga yaxshi sharoitlar yaratilganini bilgan fuqaro murojaati ijobiy hal etilgani uchun tegishli tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati