Uchrashuv BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi va BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul mintaqaviy idorasi tomonidan tashkil etildi.
Onlayn muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, Qozog‘iston Respublikasidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Elvira Azimova, Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsmani Atir Abdurahmatova, Turkmaniston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakili - Ombudsmen Yazdursun Gurbannazarova va Tojikiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha komissari vakolatxonasi vakili ishtirok etdi.
Onlayn uchrashuv rejalashtirilgan mintaqaviy seminarning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish va tashkiliy masalalar bo‘yicha fikr almashishga bag‘ishlandi.
Taʼkidlanishicha mazkur seminar Markaziy Ombudsmanlarning Global alyans tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish va maqomini yangilash, BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlari va qator masalalarga bag‘ishlanadi.
Uchrashuvda Ombudsmanlar tomonidan seminar kun tartibiga fuqarolarning murojaatlarini tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda samarali ko‘rib chiqish, fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish jarayonida fuqarolik jamiyatining ishtirokini kuchaytirish, milliy preventiv mexanizm institutini takomillashtirish va aholining huquqiy xabardorligini yuksaltirish kabi mavzularni ham kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan so‘nggi yillarda biznes va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani nuqtai nazaridan mintaqaviy seminarga Markaziy Osiyodagi Tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakillar (Biznes Ombudsmanlar)ni ham jalb etish taklif qilindi va u seminar tashkilotchilari tomonidan maʼqullandi.
Uchrashuv iliq, do‘stona muhitda bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati