Unda Parlament komissiyasining aʼzolari Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan 2022 yilning birinchi yarim yilligi davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari yuzasidan Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborotini eshitishdi.
Ombudsman F.Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilning birinchi yarim yilligida Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 156 marotaba (2021 yilning 1-yarim yilligida 71 marotaba, 2020 yilning birinchi yarim yilligida 41 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilning ushbu davriga nisbatan 85 taga, 2020 yilning ushbu davriga nisbatan esa 115 taga ko‘p.
Yig‘ilishda monitoring tashriflarining salmog‘i ortishiga sabab sifatida Davlat rahbarining tegishli Farmoni bilan 2022 yildan Ombudsmanning joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimlari joriy qilinganligi qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida mintaqaviy vakillar jamoatchilik asosida faoliyat yuritganligi bois, ular tomonidan amalga oshirilgan monitoring tashriflarining salmog‘i kam bo‘lgan. Masalan, 2021 yilning birinchi yarim yilligida mintaqaviy vakillar tomonidan 27 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan. 2022 yilning yarim yilligida esa mazkur ko‘rsatkich 103 tani tashkil etgan.
Jami monitoring tashriflar davomida 4 mingga yaqin (2021 yilning birinchi yarim yilligida 2 500 yaqin) mahkumlar bilan jamoaviy hamda 1204 nafar (667 nafar) mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.
Monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shart-sharoitlar, yaʼni bu joylarda saqlanayotgan shaxslarning yashash va ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam olish holati va sifati, ular uchun tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.
Yig‘ilishda monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklar va harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilaridan (advokatlaridan) kelib tushgan murojaatlar mazmuni va tahlili haqida ham maʼlumot berildi.
Shuningdek, Ombudsman komissiya aʼzolariga penitensiar muassasalar faoliyatini tubdan takomillashtirish, u yerda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilishining oldini olish bo‘yicha takliflarini ham bildirdi.
Shu kunning o‘zida komissiya aʼzolari tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakilining 2022 yil 6 oylik faoliyati to‘g‘risidagi axboroti ham eshitildi.
A.Yunusovaning axborotiga ko‘ra, 2022 yil olti oyi mobaynida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 325 ta murojaatlar qabul qilindi. Shundan, shaxsiy qabulda 125 ta, pochta va Ombudsmanning Virtual qabulxonasi orqali 146 ta, “Ishonch telefoni” orqali 54 ta murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlar Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan. 48 ta murojaatlar idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan. 189 ta murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan maʼlumotlar olishni so‘rab 38 ta xat davlat tashkilotlariga yuborildi. Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan murojaatlar ko‘p qelmoqda.
Jumladan, aliment olish huquqiga doir 29 ta murojaatlar o‘rganish davomida bir qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borildi. 2022 yil 6 oyi davomida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 mln. so‘m alimentlari undirib berildi.
Tug‘ilganligi qayd qilinmayotgan holat bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlar olib borildi. Respublika bo‘yicha tug‘ilganligi qayd qilinmaganlar ro‘yxati shakllantirildi. Bugungi kunda o‘z vaqtida tug‘ilganlik guvohnomasini olmagan 215 nafar bolalarga tegishli guvohnomalar olib berildi.
Tadbirda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati