Aslida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati tomonidan eʼlon qilingan xabarda «Qoraqalpog‘istondagi voqea va holatlar bo‘yicha olib borilayotgan tergov harakatlari haqida advokatlarning fikrlari o‘rganildi. Xususan, tergov hibsxonasida himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashish bo‘yicha to‘sqinlik qilish, ushlab turilgan shaxslarga yaqin qarindoshlari tomonidan yo‘qlovlar kiritish holatlari, tergov harakatlari davomida qiynoqqa yo‘l qo‘yish holatlari bo‘yicha himoya ostidagilar xususida maʼlumot olindi», — deyilgan. Yaʼni advokatlardan “Namoyish vaqtida ushlangan fuqarolarni qiynoqqa solish holatlari kuzatildimi?” degan savolga javob olingan. Chunki, ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmunidagi asoslanmagan xabarlar tarqalgan edi.
Avval xabar berganimizdek, Komissiyaning o‘rganish jarayonida aniqlagan faktlari faqatgina Komissiyaning yakuniy xulosasida aks etadi. Ungacha oshkor etilmaydi.
Shuning uchun Ombudsman axborot xizmati tomonidan eʼlon qilingan xabarlarda Komissiyaning qaysi obyektlarda o‘rganishlar olib borayotgani, nimalarga eʼtibor berayotgani, aholi kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha tadbirlari tezkor ravishda yoritilmoqda. Lekin, olingan maʼlumotlar oshkor etilmayapti. Chunki ular qayta tekshiriladi, keltirilgan raqamlarning asoslantirilgani o‘rganiladi.
Eslatib o‘tamiz, yolg‘on va noxolis axborot tarqatish aholi va fuqarolar o‘rtasida ishonchsizlik va umidsizlik kayfiyatini yuzaga kelishiga sabab bo‘lishim mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati