Uchrashuvda fuqarolarning Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonada va surishtiruv jarayonida ularga nisbatan ruhiy va jismoniy qiynoqlar, kamsitish va boshqa inson huquqlarini buzuvchi holatlar bo‘yicha fikrlari o‘rganildi.
Shuningdek, maʼmuriy jazo muddatini o‘tib chiqqan fuqarolarga nisbatan jamoatchilikning munosabati qanday ekanligi masalasi ham muhokama qilindi.
O‘rganish jarayonida yana-da obyektivlikka erishish maqsadida 70 nafardan ortiq fuqarolar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazildi. Mazkur so‘rovnomada Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarni kelib chiqish sabablari, unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rilgan choralar, yaralanganlarga nisbatan ko‘rsatilgan tibbiy xizmat sifati, qiynoq va zo‘ravonlik hamda boshqa jihatlar qamrab olingan.
Hozirda anonim so‘rovnoma o‘tkazishda hududlar qamrovini kengaytirish, imkon qadar ko‘plab fuqarolar fikrlarini o‘rganish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Qayd etish lozimki, Komissiyaning qaysi obyektlarda o‘rganishlar olib borayotgani, nimalarga eʼtibor berayotgani, aholi kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha tadbirlari tezkor ravishda yoritilmoqda. Lekin, aniqlangan maʼlumotlar oshkor etilmayapti. Chunki ular qayta tekshiriladi, keltirilgan raqamlarning asoslangani o‘rganiladi.
Mazkur so‘rovnoma natijalari bilan ham Komissiyaning yakuniy xulosasida tanishishingiz mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati