Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, olib ketilgan shaxslarning oila aʼzolari bilan suhbat davomida ularning farzandlari qayerda saqlanayotgani haqida maʼlumotga egaligi, telefon orqali suhbatlashgani va advokat bilan taʼminlangani maʼlum bo‘ldi.
Baʼzi murojaatchilar farzandining namoyishga aralashib qolgani uchun afsusda ekanligini bildirib, unga yengillik berishlari bo‘yicha Komissiya aʼzolaridan yordam so‘rashdi. Fuqarolarga Komissiyaning tergov va sud jarayonlariga aralashmasligi, qolaversa, qonunchiligimizda tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish uchun huquqiy taʼsir choralari belgilangani tushuntirildi.
Kunning ikkinchi yarmida Komissiya aʼzolari bir nechta mahallalarga tashrif buyurib, fuqarolar bilan uchrashishdi. Ochiq muloqotda Mustaqil Komissiya faoliyati haqida qisqacha maʼlumot berilib, bo‘lib o‘tgan voqealar bo‘yicha ularning fikrlari o‘rganildi.
Avval xabar berganimizdek, o‘rganish jarayonida yana-da obyektivlikka erishish maqsadida fuqarolar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazilayotgan edi. Mahalla faollari bilan uchrashuvda ulardan anonim so‘rovlar ham olindi.
Hozirda anonim so‘rovnoma o‘tkazishda hududlar qamrovini kengaytirish, imkon qadar ko‘plab fuqarolar fikrlarini o‘rganish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Mazkur so‘rovnoma natijalari bilan Komissiyaning yakuniy xulosasida tanishishingiz mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati