Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Komissiya aʼzolari Jo‘qorg‘i Kengesi bilan birgalikda Bosh prokuraturadan baʼzi fuqarolarning qamoq ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirishni so‘radi
Avval xabar berganimizdek, Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarni mustaqil ravishda o‘rganayotgan Komissiya tomonidan sodir etgan qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bor, shuningdek oilaviy sharoiti va ijtimoiy holati og‘ir hamda oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilgan edi.

Yakkama-yakka shaklda o‘tkazilgan suhbat davomida ular vaziyatni yaxshi anglamagan holda yolg‘on axborotlar taʼsiriga tushib qolishganini va sodir etgan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon ekanliklarini bildirishdi. Ayniqsa, ayollar farzandlarini juda sog‘inishganini va bo‘lib o‘tgan voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarishganini maʼlum qilishgan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Komissiya aʼzolari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatdagi shaxslarga mahalliy tuman kengashlari deputatlarini jamoatchilik kafilligi asosida biriktirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Komissiya va Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan sodir etgan qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bor, shuningdek oilaviy sharoiti va ijtimoiy holati og‘ir hamda oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgan fuqarolarga insonparvarlik tamoyili asosida qamoq ehtiyot chorasini jamoatchilik nazorati va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishini so‘rab Bosh prokuraturaga taklif kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, Komissiya tegishli Nizomga muvofiq,  Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarni o‘rganishda mustaqil va davlat idoralari tomonidan uning faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘ymagan holda aholi va jamoatchilik fikrini o‘rganishga zarur deb bilgan har qanday holat va maʼlumotlarni olish  huquqiga ega.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati