Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman xodimlarining ish samaradorligi o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutida ish faoliyatida samaradorlikni oshirish, xodimlar orasida o‘zaro raqobat muhitini shakllantirish, yaxshi natija ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida ularning ish ko‘rsatkichlari muntazam o‘rganib boriladi.

O‘ziga yuklatilgan vazifalarga masʼuliyat bilan yondoshgan va yaxshi natijalarni ko‘rsatayotgan xodimlarni taqdirlash ham anʼanaga aylanib ulgurgan.

Anʼanaga sodiq qolgan holda O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi arafasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining qator xodimlari tashakkurnoma va sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Xabaringiz bor, 2022 yildan eʼtiboran Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari faoliyat yuritmoqda. Qayd etish lozimki, qisqa muddat ichida murojaatlarni tezkorlik bilan joyiga chiqib o‘rganish va hal etishda mintaqaviy vakillar muhim o‘ringa ega.

Mintaqaviy vakillar faoliyati murojaatlar bilan ishlash samaradorligi, taʼsir choralarini qo‘llash, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha faoliyat, huquqiy targ‘ibot va OAV orqali tashkil qilingan chiqishlar bo‘yicha meʼzonlar asosida baholanib, eng yuqori ko‘rsatkichni qo‘lga kiritganlar taqdirlandi. Jumladan,

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuxrat Alimov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanovlarning mehnati eʼtirof etildi.

Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha Vakil maslahatchisi Fotima Madrahimova Ombudsman faoliyatidan keng jamoatchilikni xabardor qilish va uning imidjini oshirishdagi xizmatlari uchun;

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Saʼdullayev murojaatlarni hal etishdagi tashabbuslari va samarali natijalari uchun;

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sektori mudiri Jasur Islamov xalqaro aloqalarni mustahkamlashdagi faolligi uchun tashakkurnoma va mukofotlar bilan taqdirlanishdi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati