Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Polsha Ombudsmanlari hamkorligi rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Polshaning Varshava shahriga qilgan amaliy tashrifi doirasida 2022 yilning 9 sentyabr kuni Polsha Ombudsmani Marchin Vyonsek bilan uchrashdi. 

Samimiy suhbat davomida tajriba almashinar ekan Ombudsmanlar vakolatlari bo‘yicha ko‘plab o‘xshashliklar borligi maʼlum bo‘ldi. Masalan har ikkala Ombudsmanda ham fuqarolar manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritish huquqi mavjud.  

Shuningdek, uchrashuvda Milliy preventiv mexanizm doirasida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari bo‘yicha fikr almashildi. 

Ombudsman Feruza Eshmatova o‘tgan yillar davomida inson huquqlarini taʼminlash yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, shu jumladan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining huquqiy maqomi muntazam takomillashib borgani, uning faoliyat qamrovi va vakolatlari kengaygani, inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsmanga berilgan yangi taʼsirchan choralar haqida ham to‘xtaldi.

Muloqot yakunlariga ko‘ra, har ikkala davlat fuqarolari murojaatlarini ko‘rib chiqishda Ombudsmanlar hamkorligini mustahkamlashga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun: 1988 yilda Sharqiy Yevropa davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib Polshada Ombudsman instituti joriy qilingan. Ushbu lavozimni egallagan shaxs eng yuqori darajadagi inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga masʼul hisoblanib, uning vakolat va vazifalari Polsha Konstitutsiyasi va tegishli qonun bilan mustahkamlangan.  

Ombudsmanga fuqarolik huquqlari buzilishining oldini olish, buzilish faktini aniqlash, qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish va yangi himoya choralarini ishlab chiqish vazifalari yuklatilgan.  

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati