Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili boshchiligida mahkumlarning sog‘lig‘i o‘rganilmoqda - 3 nafar mahkumning ko‘rish qobiliyati tiklandi
Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlising Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan joriy yilning 1-5 avgust kunlari 5,11-son JIEKda saqlanayotgan mahkumlar tasdiqlangan qo‘shma rejaga asosan hududiy tibbiy muassasa shifokor mutaxassislari jalb etilib, to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan edi.

Joriy yilning 6-7 sentyabr kunlari Ombudsman mintaqaviy vakili Sh.Djo‘rayev, Navoiy viloyat prokuraturasi xodimlari ishtirokida Navoiy viloyatidagi 5 va 11-sonli jazoni ijro etish koloniyalariga o‘tkazgan monitoring tashrifida tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha mahkumlarni davolash choralari belgilandi.

Monitoring tashrifi doirasida, ularning 11 nafari Toshkent shahridagi ixtisoslashgan kasalxonaga yuborilishi belgilandi. Qolgan 19 nafar mahkum esa koloniyaning o‘zida davolanishni boshladi.

Shuningdek, Navoiy viloyati hokimiyati va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 3 nafar ko‘zi ojiz mahkum Navoiy ko‘z kasalliklari shifoxonasiga ko‘z jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun yuborildi. Hozirda ularning ko‘rish qobiliyatlari qayta tiklangan.

Monitoring tashrifi davomida, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan mahkumlarning yotoq joylari, oshxonalar, yuvinish joylari, kutubxonalar, tibbiy bo‘limlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari o‘rganilib, ular bilan jamoaviy va xoli tartibda suhbatlar o‘tkazilgan. 

Aniqlanishicha, yashash sahni va ishlab chiqarish korxonasi hududida, mahkumlar uchun umumiy hojatxona, yuvinish joylari hamda kiyim almashtirish xonalari joriy yilda to‘liq taʼmirlanib, zaruriy jihozlar bilan taʼminlangan.

Shuningdek, mahkumlarning mehnat sharoitlari o‘rganilganda, ularning foydali mehnatga jalb etilgani hamda maxsus kiyim bosh va himoya vositalari bilan taʼminlanganligi maʼlum bo‘ldi. Oylik ish haqlarini bo‘yicha so‘ralganda, maoshlar o‘z vaqtida berilayotgani taʼkidlandi.

Shundan so‘ng, Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan sayyor qabul tashkil etildi. Unda 12 nafar mahkumning murojaati tinglanib, shulardan 9 tasi ijroga qaratildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati