Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Gender tengligini taʼminlash inson huquqlarining asosini tashkil etadi – Ombudsman
2022 yilning 15 sentyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan “O‘zbekistonda gender tengligini taʼminlashning dolzarb masalalari: joriy holat, vazifalar va istiqbol” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiyada ishtirok etdi.

Konferensiyani tashkil etishdan maqsad gender tengligini taʼminlash borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, bu borada faoliyat olib borayotgan amaliyotchi mutaxassis hamda ekspertlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirish, aholi o‘rtasida gender qadriyatlarini targ‘ib qilish, mazkur masalalar bo‘yicha tajriba almashish, ularning natijalari asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Konferensiyada qayd etilishicha, O‘zbekistonda inson manfaatlari ustunligini taʼminlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq va imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ro‘yobga chiqarilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda gender tenglikni taʼminlashning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rildi.

Tadbirda so‘z olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) gender tengligini taʼminlash inson huquqlarining asosini tashkil etishini va u o‘z o‘rganishlarida ayollar va erkaklarga teng sharoitlar va imkoniyatlar yaratilganiga alohida eʼtibor qaratishini qayd etdi.

Shuningdek, aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktablari” tadbirlarini respublika bo‘ylab mahallalarda tashkil etilayotganiga urg‘u berdi va bu borada Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktablari” tadbirlarini tashkil etish taklifini bildirdi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati