O‘zaro muloqot davomida Ombudsman instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, huquq va sud-huquq tizimlari, shuningdek, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti muhokama qilindi.
Jorj Vashington nomidagi universitet professorlarining taʼkidlashicha, ularning tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad axborot va tajriba almashish, fuqarolar arizalarini tasniflash amaliyotini o‘rganishdan iborat.
Uchrashuv jarayonida Ombudsman Kotibiyati xodimlari so‘nggi yillarda mamlakatimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, tahlil qilish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflari hamda Milliy preventiv mexanizmi doirasida jazoni ijro etish muassasalariga amalga oshirilgan monitoring tashriflari hamda ularda fuqarolik jamiyati vakillarining ishtiroki haqida professorlarga maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda Ombudsman vakolatlari kengaytirilayotgani va uning mintaqaviy vakillari faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilib, bu fuqarolar murojaatlarini tezkorlik bilan joyiga chiqib o‘rganish va tegishli choralar ko‘rilishiga xizmat qilayotganligi taʼkidlandi.
Uchrashuv iliq va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati