Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 12 sonli jazoni ijro etish koloniyasi va 36 sonli manzil koloniyaga monitoring tashriflari amalga oshirildi
Joriy yilning 20 sentyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Sh.Djo‘rayev tomonidan Navoiy viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatidagi 12-son jazoni ijro etish koloniyasi hamda 36-son manzil-koloniyasiga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashrifi davomida, muassasalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi, ular bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbatlarda koloniyadagi yotoq xonalarining holati, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, oylik maoshlarini olish tartibi xususida fikrlari eshitildi.

Shuningdek, mahkumlarni ariza, shikoyat va takliflari bo‘lsa murojaat qilishlari so‘raldi, muassasada o‘rnatilgan Ombudsman qutilari orqali ham ariza, shikoyat va takliflar berish tartibi tushuntirildi.

Monitoring doirasida mahkumlar oshxonasi, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash holati va belgilangan talablarga rioya etilishi, ularni har bir mahkumga tasdiqlangan meʼyorlar asosida berilishi, yotoqxonalar, omborxonalar, yuvinish xonalarining holati, mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi va dori vositalarining taʼminoti monitoring ishtirokchilarining diqqat va eʼtiborida bo‘ldi.

12-son jazoni ijro etish koloniyasi huzuridagi ishlab chiqarish korxonasida ishlayotgan mahkumlar ish joylari, sharoiti va jarayonlari o‘rganildi. Ishlovchilarga texnika xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilib uni har bir talabini bajarish shartligi tushuntirilib o‘tildi. Koloniya ishlab chiqarish korxonasi g‘isht va ohak pishirishni yangicha tizimga o‘tganligi sababli beton mahsulotlari sexi tomonidan ishlab chiqarilgan plita, bloklarni sifati mutaxassislar tomonidan tekshirib borilishi aytildi, foydali mehnatga jalb etilgan mahkumlarga texnika xavfsizligi talablaridan kelib chiqib har bir ishlovchi mahkumga maxsus kiyim-bosh, qo‘lqoplar va tegishli himoya vositalari bilan taʼminlab borilishi to‘g‘risida koloniya boshlig‘iga tavsiyalar berildi.

Mahkumlar bilan o‘tkazilgan sayyor qabul davomida turli mazmundagi masalalar bilan murojaatlar qilindi. Jumladan:

Ikki nafar mahkum tomonidan oila aʼzolari bilan qo‘shimcha ravishda gaplashishda va bir nafari ish joyini almashtirilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilindi. Murojaatlarning barchasi mintaqaviy vakilning so‘roviga asosan ijobiy hal etildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati