Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlarini taʼminlash sohasida davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi navbatdagi ochiq muloqot tafsilotlari
Maʼlumki, joriy yilning may oyida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda inson huquqlarini taʼminlashda davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqotlar tashkil etish bo‘yicha platforma yaratilgan edi.

2022 yilning 17 oktyabr kuni davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. “Inson huquqlari va erkinliklarining taʼminlanishida davlat boshqaruvi organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi: muammolar va ularning yechimlari” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur davra suhbati “Yuksalish” umummilliy harakati majlislar zalida o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy sud, Adliya, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Bosh prokuratura vakillari hamda 10 dan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari faollari, jumladan Demokratiya va inson huquqlari instituti, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi, “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, “Inklyuziv taʼlim” NNTlari vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur davra suhbatini tashkil etishning maqsadi – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida umumiy muloqot platformasini o‘rnatish orqali aholini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan muhokamalarni o‘tkazish va bu orqali bir qator muammolarga yechim topishdir.

Davra suhbatida taʼkidlanishicha, Oliy Majlis Senati va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etish tashabbusi uchinchi sektor vakillarining o‘z faoliyatlari davomida duch kelgan, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni vakolatli davlat organlari vakillari bilan bevosita muhokama qilish imkoniyatini yaratdi.

Qayd etish lozimki, bu kabi muloqotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlash bo‘yicha mavjud kamchiliklarni davlat organlarining vakolatli vakillariga yetkazish va u orqali tegishli sohalarning isloh qilinishiga xizmat qiladi.

Tadbir davomida avvalgi muloqotlarda ko‘tarilgan masalalar, jumladan davlat organlari va NNTlari o‘rtasida “ijtimoiy buyurtma” asosida hamkorlikning oqsayotganligi, jazoni ijro etish muassasalarida yuridik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, oliy taʼlim tizimida inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan fanlarni joriy etish, NNTlarning ro‘yxatdan o‘tishidagi qiyinchiliklar borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamalar markazida bo‘ldi.

Davra suhbati yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini yana-da taʼminlash orqali ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati