Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman tomonidan “Muruvvat” uylarida yashaydigan 9 nafar fuqaro manfaatida sudga daʼvo arizalari kiritildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari va uning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan doimiy ravishda harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirilishi bilan bir qatorda boquvchisini yo‘qotgan va yolg‘iz keksalar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar saqlanadigan “Muruvat” uylarida saqlanayotganlar sharoitlari ham o‘rganib boriladi.  

Joriy yilning avgust oyida Samarqand viloyati, Urgut tumandagi erkaklar va ayollar “Muruvvat” uylariga Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov tashrif buyurib, muassasadagi sharoitlarni o‘rgangan edi.

“Muruvvat” uyidagilar bu yerdagi yashash sharoiti, shuningdek, ovqatlanish, dori-darmonlar bilan taʼminlanganlik va ularga xodimlar tomonidan bo‘layotgan munosabatlardan mamnunliklarini bildirishgan edi.

Biroq, olib borilgan monitoring o‘rganishlar davomida muassasada yashovchi ayrim bemorlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi. Xuddi shunday holat ayollar “Muruvvat” uyida ham kuzatildi.

“Muruvvat” uyi mutasaddilarining murojaatiga asosan masalaning mohiyati o‘rganildi. Mutasaddilarning qayd etishicha, bir qarashda arzimagan ko‘ringan hujjat vaqt o‘tib jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Hatto to‘liq davlat qaramog‘ida bo‘lgan bu kishilarga muruvvat ko‘rsatishning iloji bo‘lmay qolishi mumkin. Muammoning yechimini sud orqali hal qilish mumkin. Biroq bu borada “Muruvvat” uyi qilgan murojaat tegishli xarajat talab qiladi. Tabiiyki, muassasada bunday holatlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘ mavjud emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan “Muruvvat” uylaridagi 9 nafar bemorlar manfaatida sudga daʼvo arizalar kiritildi.

O‘z navbatida tegishli davlat idoralari bilan yozishmalar orqali 9 nafar ruhiy xastaligi bor bemorlarning zarur hujjatlari to‘planib, sudga taqdim etildi.

2022 yilning 18 oktyabr kuni Ombudsmanning daʼvo arizasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudining sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.

“Muruvvat” uylarining o‘zida o‘tkazilgan sud majlisi yakunida 6 nafar bemorni tug‘ilganlik faktini belgilash haqidagi daʼvo arizalar qanoatlantirildi. 3 nafar shaxsning hujjatlari topildi.

Sud qarori asosida qayd qilingan kishilarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat - fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilib beriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati