Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Buxoro viloyatining Kogon shahrida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi
2022 yilning 25 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida aholining xabardorligini oshirishda, shuningdek tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashda mahallaning roli va ahamiyatini oshirish maqsadida Kogon shahridagi “Temiryo‘lchilar” madaniyat saroyida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Temiryo‘lchilar”, “Arabxona” va Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ishtirokida navbatdagi tadbir o‘tkazildi.

Taʼkidlandiki, inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir. Shu sababli Ombudsman tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xalqimizga yaratilayotgan qulayliklar va imtiyozlar haqida huquqiy xabardorlikni oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Mirshakar To‘raboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022-2025 yillarda uy-joy fondini yaxshilash, mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini bajarish hamda tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilganiga alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur dasturga asosan viloyatdagi jami 499 ta uy-joylarni taʼmirlash hamda tutash hududlarni obodonlashtirish uchun 79,0 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Maʼruzachi joriy yilda amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berish bilan bir qatorda, aholiga yaratilgan qulayliklarga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan “Mening uyim” billing dasturi ishlab chiqilgani va u orqali to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish mumkinligi va uning usullari haqida maʼlumot berildi. Ushbu tizim fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar haqidagi maʼlumotlarni shaffof holda yuritilishiga xizmat qilinishi taʼkidlandi.

“Ombudsman maktabi” tadbirida Buxoro viloyat Transport departamenti boshlig‘i Faxriddin Rajabov ham ishtirok etib, sohada amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.

Aholi bilan ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda fuqarolar tomonidan jamoat transporti yo‘nalishlaridagi transport vositalari harakatini belgilangan jadvallar asosida yo‘lga qo‘yish hamda transport qatnovini yaxshilash bo‘yicha takliflar berildi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Xuseynova mintaqaviy vakil faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlari hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi masalalarida  bir qator takliflarni bildirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mahalla faollari mahallada samarali ish olib borish faoliyatning bosh mezoniga aylanishini, mahallada tinchlik va barqarorlikka erishish bebaho boylik ekanligini, mahallani obod qilish har bir fuqaroning vazifasi ekanligini  taʼkidladilar.

Tadbirda “Temiryo‘lchilar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarning muhim ekanligiga eʼtibor qaratib, aholining huquqiy savodxonligini oshirishda Ombudsman instituti mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirdi.

O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda kelgusida “Ombudsman maktabi” doirasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda mahallalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli masalalarning yechimini topish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirish hamda birgalikda xal etishga kelishib olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati