Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” G‘uzor tumanida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan joriy yilning 26 oktyabr kuni G‘uzor tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Fuqarolar bilan muloqot Inson huquqlari taʼminlanishining bosh omilidir” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Ombudsman maktabi loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda G‘uzor tuman hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi mudiri, Muqaddam sudlanganlarni ijtimoiy himoyalash viloyat ko‘nikma markazi, viloyat Bandlik boshqarmasi, G‘uzor tumani Adliya bo‘limi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘limi, Bandlik bo‘limi vakillari, xalq deputatlari Dehqonobod tuman kengashi deputatlari, hokim yordamchilari, Mahalla va qishloq fuqarolar yig‘ini raislari va mahalla faollari hamda OAV ishtirok etishdi.

Mazkur tadbir 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ochiq muloqotda “Ombudsman maktabi” loyihasi viloyat tumanlarining har bir mahallasida tashkil etilishi, fuqarolarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishi, fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolar o‘rganilishi, tahlil qilinishi hamda ularning yechimi haqida maslahatlashilishi qayd etildi.

Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirda viloyat Bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda 2020 yil 20 oktyabrdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, viloyatda aholi bandligini taʼminlashda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi. Bunda qishloq joylarda doimiy ish o‘rinlari tashkil etishda asosiy hisoblangan tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish, ishsiz shaxslarni, ayniqsa kam taʼminlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta o‘qitish ishlari amalga oshirilayotganligi, aholini ish bilan taʼminlashda “Ishga marhamat” monomarkazlarining olib borayotgan ishlari to‘g‘risida ham maʼlumot berildi.

 Muqaddam sudlanganlarni ijtimoiy himoyalash viloyat ko‘nikma markazi rahbari I.Salomov ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga ularning dastlabki ehtiyojlari va hayotga moslashishi uchun bazaviy hisoblashning olti barobari mikdorida moddiy yordam berilishi, ish bilan taʼminlanishi, yashashi uchun yotoq masalalari bilan shug‘ullanishi, yo‘qolgan hujjatlarni tiklashi, bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi va davolashi, ish bilan taminlashda ko‘maklashishi, fuqarolarga kreditlar olishda ko‘maklashish va boshqa amaliy ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 iyundagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–299-sonli Qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish berdi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “Batosh", “Yangi hayot”, “Obod”, “Obihayot” va “Jonbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari so‘zga chiqib, mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolarga to‘xtalishdi.

“Yangi hayot” va “Batoshmahalla raislari ochiq muloqotda fuqarolar ko‘plab maʼlumotlarga ega bo‘lishgani, savollari yechim topganini va munozarali masalalar ko‘tarilganini qayd etib, shu kabi aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan  tadbirlarni boshqa mahallalarda ham o‘tkazish kerakligini bildirishdi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati