Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
QALAMPIR.UZning "Ichkaridagi ishlar” nomli materialiga Ombudsman rasmiy munosabati
2022 yilning 30 oktyabr kuni QALAMPIR.UZ sayti tomonidan "Ichkaridagi ishlar yohud Oyatullo Maxsumov rostdan o‘z joniga qasd qilganmi?" nomli maxsus film eʼlon qilindi. Unda shu yilning 9 oktyabr kuni Navoiy viloyatidagi 4-son jazoni ijro etish koloniyasida muqaddam to‘rt marotaba sudlangan mahkumning o‘z joniga qasd qilgani holati bo‘yicha uning yaqin qarindoshlari fikrlari olingan. Ushbu holatda marhumning yaqinlari uning qiynoqqa solinganini aytishgan. Hozirda Navoiy maxsus prokuraturasi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda va qonuniy qaror qabul qilinadi.

Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha Ombudsmanga marhumning yaqin qarindoshlaridan qiynoqqa oid murojaat kelib tushmagan. Shunday bo‘lsa-da, mazkur holat bo‘yicha Internet ijtimoiy tarmoqlarida xabarlar berilgach, ishga taalluqli hujjatlar o‘rganilgan.

Darvoqe, joriy yilning may oyida Ombudsman boshchiligida Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalariga, jumladan 4-son koloniyaga monitoring tashrifi amalga oshirilgan edi. Ushbu monitoringda ishtirok etgan “Ezgulik” Inson huquqlari nodavlat notijorat tashkiloti Internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlarga Navoiydagi koloniyalardan qiynoq bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmaganini yozgan.

Shu o‘rinda eʼtiboringizni baʼzi jihatlarga qaratamiz. Mazkur holat 2022 yilning oktyabr oyida sodir bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, QALAMPIR.UZ sayti jurnalisti Hulkar Murtazoyeva Ombudsmanning bir yil avvalgi, yaʼni 2021 yilning oktyabr oyida jurnalistlarga bergan intervyusidan iqtibos keltirgan. Vaholanki, jurnalist Ombudsman matbuot kotibi bilan bog‘lanib, og‘zaki ravishda murojaat qilganida, unga o‘tgan yilgi maʼlumotlardan foydalanmasligi va joriy yilda qiynoq holatlari bo‘yicha bir necha holatlar tekshirilayotgani, jurnalist so‘roviga qonun talablarida belgilangan muddatda javob berilishi aytilgan. Lekin, shunga qaramay, jurnalist eski maʼlumotlardan foydalanishni afzal ko‘rdi. Bu haqda sal keyinroq to‘xtalamiz.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman rasmiy veb-saytida shu yilning 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi tomonidan eʼlon qilingan xabar joyiga chiqib o‘rganilgani va mahbus qiynoqqa solingani bo‘yicha Ombudsmanga murojaat qilgani bo'yicha rasmiy munosabat eʼlon qilingan. Bu xabar QALAMPIR.UZ saytida ham berilgan. Bu holatda Samarqand shahridagi ichki ishlar xodimlari tomonidan mahbusning 10 kun oldin mototsiklidan yiqilgani va bu jarohatlar shuning oqibati ekanligi aytilayotgan bo‘lishiga qaramay, Ombudsman holatga huquqiy baho berish maqsadida Bosh prokuraturaga talabnoma yuborgan. Ichki ishlar vazirligi va mahkumning fikrlari bir-biriga zid, haqiqat esa prokuratura o‘rganishlaridan keyin maʼlum bo‘ladi.

Qayd etish lozimki, Ombudsmanning tergovga qadar tekshirish olib borish vakolati mavjud emas. Shuning uchun qiynoqlar qo‘llanilganiga oid murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar joyiga chiqib o‘rganilgach, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuboriladi. Ombudsman bunda mahkum va mahbuslarning ko‘rsatmalari va ishga oid to‘plangan dastlabki va birlamchi hujjatlarga asoslanadi.Haqiqatdan ham 2021 yilda Ombudsman nazoratiga olingan qiynoq holatlari bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan bironta qiynoq holati tasdiqlanmadi.

Afsuski, mamlakatda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosatidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib, asossiz va yolg‘on axborotlarni tarqatib, aholi orasida xavotir uyg‘otib, “soxta obro‘” olishga urinayotganlar ham uchrab turibdi.

Maʼlumot uchun, Ombudsman boshchiligida penitensiar muassasalarga 2022 yilning 9 oyligida 297 ta monitoring amalga oshirilgan. Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan monitoringlar jazoni ijro etish muassasalari maʼmuriyatini ogohlantirishsiz amalga oshirilmoqda va mavjud holatlar o‘rganiladi. O‘rganishlarda mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda uchrashib, qiynoqlar qo‘llanilyaptimi yo‘qmi so‘raladi va ularga yaratilgan sharoitlarning belgilangan talablar darajasida ekanligi holati o‘rganiladi.

2022 yilda Ombudsmanga qiynoqlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan, lekin, ular ko‘p hollarda tasdiqlanmayapti. Baʼzi murojaatlar esa 5-10 yillar avvalgi qiynoqlar haqida. Mavjud holatni sinchiklab o‘rganish maqsadida 2022 yildan mahkumlar orasida respublika bo‘ylab anonim so‘rovlar ham o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Natijalar albatta Ombudsmanning qiynoq holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yillik maʼruzasida eʼlon qilinadi.

2022 yilda Ombudsmanga o‘z vakolatini suisteʼmol qilib, inson huquqlarini poymol etgan huquq-tartibot xodimlari ustidan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan. Bitta holatda Jinoyat kodeksining qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va dalillarni soxtalashtirish moddalari bilan aybdor deb topilgan. Shuningdek, 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilgan va 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

QALAMPIR.UZ sayti jurnalisti sobiq mahkumlar (ism-shariflari oshkor etilmagan) bilan telefon orqali suhbatlashganda, “Ombudsman o‘zi bilan olib yuradigan quti”lar jumlasini aytib o‘tgan. Aslida esa “Ombudsman qutilari” olib yurilmaydi, ular koloniya va tergov hibsxonalarida video kamera o‘rnatilmagan va mahkumlar borishi mumkin bo‘lgan qulay joylarga joylashtirilgan. Ahamiyatlisi, ushbu qutilarni Ombudsman xodimlari va mintaqaviy vakillardan boshqa hech kim ocha olmaydi. Murojaatlar har ikki haftada o‘rganish uchun olib ketiladi.

Mazkur filmda eʼtiborimizni tortgan jihatlardan yana biri “Ezgulik” Inson huquqlari nodavlat notijorat tashkilotining rahbari A.Tashanovning intervyusi bo‘ldi. U “Ombudsman bilan ovozimiz bir joydan chiqmay qoldi. To‘g‘rirog‘i, biz ularning xo‘riga qo‘shilolmay qoldik. Shuning uchun hozir ular monitoring kuzatuvlarida ishtirok etishimizga qo‘ymayapti”degan fikrlarni bildirgan.Aslida esa Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzosi bo‘lgan A.Tashanovning monitoring tashriflariga jalb qilinmayotganiga uning Ombudsman ogohlantirishlariga qaramay mahkumlar huquqlarini bir necha bor qo‘pol ravishda buzgani sabab bo‘lgan. U mahkumlarning qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan xabarlari va shaxsga doir axborotlarni ularning ruxsatisiz eʼlon qilgan. Shundan so‘ng Ombudsmanga mahkumlar va ularning yaqinlari tomonidan “Ezgulik” Inson huquqlari NNT ustidan murojaatlar ham kelib tushgan.

Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflaridan ko‘zlangan maqsad, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari taʼminlanganlik darajasini o‘rganish, aslo ulardan PR sifatida foydalanish emas.

Bundan to‘g‘ri hulosa chiqarish o‘rniga “huquq faoli” hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali Ombudsman institutiga nisbatan aholi orasida ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otish maqsadida turli asossiz xabarlar tarqatish yo‘liga o‘tdi. (Bu bo‘yicha jurnalistlarga qo‘shimcha maʼlumot berilishi mumkinligi maʼlum qilinadi)

Yuqorida katta so‘roq ostida qoldirilgan masalaga qaytamiz. Bilamizki, aholi orasida tanqidiy ruhda yozilgan xabarlar ko‘proq ommalashadi. Lekin, jurnalist har qanday vaziyatda ham voqeani holis yoritishi zarur. QALAMPIR.UZ sayti materialida esa ushbu holislik tamoyili buzulgandek nazarimizda... Chunki Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha faoliyati haqidagi yangi maʼlumotlar, filmdagi baʼzi iddaolarni puchga chiqarishi aniq edi.

Qolaversa, ushbu videomaterial davomida jurnalist “Oyatullodan avval ham 2020 yilda Navoiydagi qamoqxonadan Yangiyo‘llik 45 yoshar mahkum Farrux Xidirovning jasadi chiqarilgandi” deb, marhum F.Xidirovning o‘limini ham ushbu holatga bog‘lashga uringan. Va, marhumning o‘limi bo‘yicha munosabatga shubha bilan qaragan. Marhum mahkum F.Xidirovning o‘limi holati ham internetning turli ijtimoiy tarmoqlarida, xususan Internetning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Ezgulik” Inson huquqlari NNTning sahifasida chop etilgach, Ombudsman xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan. Xabarlarda marhum Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada, xalq tili bilan Sangorodda vafot etganligi ko‘rsatilgan. Ombudsmandagi mavjud hujjatlarga ko‘ra ham marhum F.Xidirov Navoiydagi koloniyadan 2020 yil 3 iyun kuni Sangorodga keltirilgan va 18 iyun kuni shu yerda vafot etgan. Hattoki, uning vafotidan so‘ng marhumning qarindoshlari marhumning og‘ir kasalligi sabab, uni olib ketishga qo‘rqishgan va marhum bir necha kun kasalxonada saqlangan. Bu bo‘yicha ham Ombudsmanning rasmiy munosabati eʼlon qilingan.

Shuningdek, film yakunidagi qiynoq holatlari jazoni ijro etish muassasalarida emas, tergov jarayonlarida sodir etilgan va prokuratura organlari tomonidan qonunbuzulish holatlariga yo‘l qo‘ygan huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ushbu holatlarni jazoni ijro etish muassasalaridagi o‘lim holatlariga bog‘lash maqsadga muvofiq emas.

Taʼkidlash lozimki, hozirda Ombudsman tomonidan unga yuborilayotgan murojaatlar tahlili asosida tergov surishtiruv jarayonlaridagi qiynoq holatlarini oldini olishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, agarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga qiynoqqa oid murojaat kelsa va u mahkum yoki mahbuslar tomonidan tasdiqlansa, bu haqda albatta jamoatchilik xabardor qilinadi. Chunki bu ochiqlik siyosatiga mos va qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha qo‘yilgan muhim qadamdir.

Ombudsman qiynoq holatlarini yashirishni emas, ularni oldini olish va bartaraf etish tarafdori.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati