Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bola parvarishi taʼtilida bo‘lgan sobiq xodim o‘z ishiga tiklandi, ish beruvchidan esa 1,5 mln so‘m maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi - Ombudsman
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Toshkent viloyati, Ohangaron tumanida yashovchi fuqaro M.Sh. bola parvarish taʼtilida bo‘lishiga qaramay ish beruvchi tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgani haqida murojaat qildi.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o‘rganilishi natijasida murojaatchining hozirda homilador ekanligi va ish beruvchi tomonidan shu yilning 21 iyul kuni u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat Kodeksining 105-moddasiga asosan bekor qilingani maʼlum bo‘ldi.

Ushbu murojaat Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqaro M.Sh. ishtirokida joyiga chiqib o‘rganildi, zarur maʼlumotlar olindi.

Shundan so‘ng, joriy yilning avgust oyida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan fuqaro Sh.M manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudiga ishga tiklash masalasida daʼvo arizasi kiritildi.

Sud muhokamasi jarayonida Ombudsman tomonidan fuqaroga yetkazilgan maʼnaviy zararni undirish to‘g‘risida qo‘shimcha daʼvo kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudi tomonidan Ombudsmanning fuqaro manfaatida kiritgan arizasi qanoatlantirildi. Sudning 2022 yilning 4 oktyabrdagi qarorida fuqaro Sh.M.ni ishga tiklash va unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun ish beruvchidan 1,5 mln so‘m undirish belgilandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati