Shuningdek, muqaddam fuqaro O.Abdullayeva mazkur masalada Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ga ham ijtimoiy tarmoq orqali bolalari huquqlari buzilayotgani bo‘yicha murojaat qilgan.
Shundan so‘ng, Bola huquqlari bo‘yicha vakil hamda Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari murojaatni har tomonlama o‘rganish maqsadida O.Abdullayevaning yashash joyiga chiqib, mavjud holatni ko‘zdan kechirishdi.
Аniqlanishicha, Oliy sudning 2022 yil 17 fevraldagi ajrimi bilan “Training Project” MCHJning O.Abdullayevaga nisbatan boshqa turar joy berilishi evaziga ko‘chirish daʼvo arizasi bo‘yicha O.Abdullayevaning kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, qanoatlantirish rad etilgan.
Biroq, hozirda O.Abdullayevaning shikoyatiga asosan sud ishi takroriy kassatsiya instansiyasida ko‘rilayotganligi maʼlum bo‘ldi. Shu sababli sud hujjatlarining ijrosi to‘xtatilgan.
Lekin, shunga qaramasdan, 2022 yilning 31 oktyabr kuni joyida amalga oshirilgan o‘rganish davomida O.Abdullayevaga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uy joy gaz va elektr energiyasi taʼminotidan to‘liq uzilganligi aniqlandi. Bundan tashqari, ushbu xonadonda 3 nafar voyaga yetmagan bola istiqomat qilishi, ulardan 2 nafari maktab yoshida (biri tibbiy jarohat tufayli yurish harakati cheklangan) ekanligi maʼlum bo‘ldi. Elektr energiyasi uzilganligi bois ularning dars tayyorlash imkoniyati sezilarli darajada cheklangan, gaz o‘chirilganligi sababli esa taom tayyorlash va uyni isitish imkoniyati mavjud emasligi aniqlandi.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, u «Hududgaztaʼminot» AJ hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga murojaat qilgan bo‘lsada, shartnoma majburiyatlari kuchda bo‘lgan bir vaqtda unga kommunal xizmatlardan uzilish asoslari taqdim etilmagan.
Fuqaro O.Abdullayevaning xonadoni qurilish obyektining yonida joylashgan bo‘lib, bu murojaatchi va uning farzandlari hayotiga xavf tug‘diradi. Xonadonning gaz va elektrdan uzilganligi esa ularni yashash joyini tashlab chiqib ketishlariga sunʼiy ravishda majburlashdek ko‘rindi.
Murojaatni joyiga chiqib o‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga mulkdorning huquqlarini to‘liq taʼminlanishi, xususan tuman «Hududgaztaʼminot» va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJlari tomonidan isteʼmolchining huquqlari qonun hujjatlariga asosan to‘liq taʼminlanib, tezkor kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ko‘rilishi bo‘yicha murojaat qilindi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati