Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhining navbatdagi o‘rganishlari Chirchiqdagi jazoni ijro etish muassasasida mahkumlar uchun elektron magazin xizmati joriy etilgan
2022 yilning 29 oktyabr kuni Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Toshkent viloyatidagi 13-sonli koloniyaga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Unda Ombudsman xodimlari va uning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili, “Madad” va «Sharq ayoli» NNT vakillari va oliy toifali psixolog ishtirok etdi.

Tashrifi davomida, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.

Mahkumlarning ovqatlanish sharoiti o‘rganilganda, oziq-ovqat taʼminoti Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan meʼyorlar talablari asosida berilayotganligi va oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilingan holda ekanligi aniqlandi. Yuvinish xonalari va Davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limidagi dori-darmon taʼminoti ko‘zdan kechirilganda kamchiliklar aniqlanmadi.

Koloniyadagi ishlab chiqarish sexlari faoliyati ham o‘rganildi. Charm to‘pi, mebel, yog‘och o‘ymakorligi, maxsus kiyim-kechak tikish sexlarida ish qizg‘in, mehnat sharoitlari ham talab bo‘yicha tashkil etilgan.

Monitoring davomida avvalgi tashriflarda Ombudsman tomonidan mazkur koloniyaga bildirilgan tavsiyalarning inobatga olinganiga guvoh bo‘lindi. Xususan, mahkumlarga kiritilayotgan yo‘qlovlarni qabul qilish va ko‘zdan kechirish jarayonlari rentgen apparati yordamida amalga oshirilmoqda. Bu qulaylik esa o‘z navbatida vaqtni tejashga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari mahkumlarning yaqinlari uchun yog‘ingarchilik kunlarda sovuqdan va yozning issig‘idan pana qilish uchun kutish joylari ham tashkil etilgan.

Jamoatchilik guruhlari aʼzolarining eʼtiborini tortgan jihatlardan yana biri elektron magazin xizmatining joriy etilgani bo‘ldi. Koloniyaga o‘rnatilgan elektron monitor orqali mahkumlar, oldindan shartnoma qilingan tadbirkorlik subyektlari, yirik supermarketlar mahsulotlaridan buyurtma qilishmoqda. Buyurtma yetkazib berilgandan so‘ng to‘lov amalga oshiriladi.

Shoira Isakova – oliy toifali psixolog,

- Ochig‘i, men bu muassasada ilgari ham bo‘lganman. Ko‘p mahkumlar bilan yuzma-yuz gaplashishga urinib ko‘rganman, ammo ruxsat berishmagan. Bugun esa ularga yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib,ochig‘i xursand bo‘ldim. Jinoyatga jazo muqarrar, ammo jazoni ijro etishda ham birinchi o‘rinda insonparvarlik g‘oyasi ilgari surilganligi tahsinga loyiq.

Psixolog bo‘lganim uchun indamasdan kuzatishni odat qilib olganman. Birinchi navbatda ularning ko‘zlariga eʼtibor qarataman. Ha, ular uydagi yaqinlarini sog‘inishganligi ko‘rinib turibdi. Lekin, rangi ochlikdan, ovqatsizlikdan sarg‘aygan emas. Ularga yaxshi sharoit yaratilgan, issiq joylar, toza yotoqxona, issiq ovqat, ratsionlari xilma-xil. Bunday ovqatlanish ratsioni baʼzan uyimizda ham yo‘q.

Mahkumlarning ko‘pchiligi qayta-qayta jinoyat sodir etib tushishgan ekan, albatta unaqa sharoitga o‘rgangan odam borgisi kelaveradi.

Ilgari qamoqxonaga kirsam, bir-ikki kun qo‘lim ishga bormasdi, kayfiyatim yomon bo‘lardi. Lekin bugun o‘zgarishlarni ko‘rib, ochig‘i o‘sha yerda jazoni o‘tayotgan yurtdoshlarimiz taqdiriga befarq bo‘linmayotganidan ko‘nglim yorishdi.

Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari davom ettiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati