Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yo‘ldagi taʼmirlash ishlari sabab haydovchilar jarima to‘lamasligi lozim -  Ombudsman
Maʼlumki, avtomobillar harakatlanish yo‘llarida vaqti vaqti bilan tuzatish, taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Lekin, baʼzi hollarda haydovchilar to‘sib qo‘yilgan yo‘llar sabab, yo‘l qoidalarini majburan buzishga majbur bo‘lishmoqda.

Shu kabi holat 2022 yil 21 sentyabr kuni Toshkent shahar Olmazor tumani Ziyo - Shifonur ko‘chalari kesishmasida kuzatilib, bu ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Unda yo‘lning transport harakatlanish qismida amalga oshirilayotgan tuzatish ishlari davomida yo‘lning bir qismi yopib qo‘yilgan va tegishli maxsus belgi bilan aylanib o‘tish lozimligi ko‘rsatilgan. Biroq aylanib o‘tish oqibatida haydovchilar yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish tomoniga o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan. Bu esa maxsus kameralarga muhrlangan va haydovchilar jarimaga tortilgan.

Jarimadan ozod etish Ichki ishlar organlarining YHX bo‘limlari tomonidan emas, sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi ijtimoiy tarmoqda ko‘pchilik fuqarolarning o‘rinli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar ovoragarchiligini oldini olish va ularga adolatli munosabatda bo‘lishga asoslangan. Yuqoridagi holat esa haydovchilarning ortiqcha xarajat qilishiga va ovoragarchiligiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi. Unda ushbu holatlarni kelgusida takrorlanishini oldini olish maqsadida taʼmirlash ishlari haqida fuqarolarni oldindan xabardor qilish va ularni mazkur sabablarga ko‘ra jarimaga tortilishini oldini olish choralarini ko‘rilishi so‘raldi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati