Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili sil kasalligi bilan og‘rigan mahkumlar bilan uchrashdi
Sil – bu bakteriyalarni organizmga kirib borishi bilan rivojlanuvchi yuqumli kasallik. U asta-asta namoyon bo‘la boshlaydi. Patogen bakteriyalar bemor organizmida juda uzoq vaqt davomida o‘zi haqida belgi bermaydi. Ko‘pincha o‘pka va to‘qimalarida rivojlanadi va ko‘payadi.

Mamlakatimizda ushbu kasal bilan og‘rigan mahkumlar ham mavjud. Bu kasallik yuqumli bo‘lgani sababli bemorlar alohida ajratilishi lozim. Shuning uchun O‘zbekistonda sil kasalligiga chalingan mahkumlar saqlanadigan yagona Maxsus davolash koloniyasi mavjud.

Ombudsman boshchiligida harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflarida albatta Buxoro viloyatida joylashgan ushbu 20-sonli Maxsus davolash jazoni ijro etish koloniyasi ham qamrab olinadi.  

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova 2022 yil 31 oktyabr kuni mahkumlar murojaatlarini o‘rganish maqsadida ushbu muassasaga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Mintaqaviy vakil dastlab tibbiyot bo‘limiga kirib, mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar, tibbiyot xodimlarining xizmat xonalari, bemor mahkumlar saqlanadigan palatalar hamda ruhiy tinchlantirish xonasi bilan tanishdi. Muassasada yetarli dori-darmon vositalari, laboratoriyalar, texnik jihozlar, jumladan rentgen apparati, stomatolog ish stoli va boshqa kerakli vositalar foydalanishga yaroqli holatda.

So‘ng Mintaqaviy vakil koloniyada mahkumlar uchun mo‘ljallangan oshxona va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni bilan tanishdi. Taomnoma bilan tanishilib, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash joylari ko‘zdan kechirildi.

Koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarga mo‘ljallangan xonalar ham Mintaqaviy vakil eʼtiboridan chetda qolmadi. Chunki maxsus koloniyada sog‘aygan mahkumlar darhol ajratilib, ularning salomatligi tekshirib turiladi. Ularning yaqinlari kelib mahkum bilan uchrashishlari mumkin. Izolyatsiyalangan mahkumlarga uzoq muddatli uchrashuvlarga ruxsat berilmaydi. Bu tartib ularning oila aʼzolarining sog‘lig‘ini saqlash maqsadida joriy etilgan.

Shundan so‘ng, koloniya mahkumlar yashash sahnlariga o‘rnatilgan mahkumlarning ariza va shikoyatlari uchun mo‘ljallangan “Ombudsman quti”laridan murojaatlar olinib, o‘rganish uchun olib ketildi.

Bundan tashqari koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlar bilan sayyor qabul o‘tkazilib, murojaatlari bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilingan holda birma-bir suhbatlashilib, murojaatlari yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.

Monitoring tashrifi doirasida Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili mana shu koloniyada ishlaydigan xodimlar bilan ham suhbatlashib, ularga qonunchilikda belgilangan sharoitlar yaratib berilganmi, oylik ish haqlarini to‘lanishida kechikishlar yo‘qmi degan savollarga javob oldi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlarga va shu yerda xo‘jalik ishlariga jalb etilib, jazo o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan kamchiliklar aniqlanmadi. 

 Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati