Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mahkumlar va ozodlikka chiqqan shaxslarni ijtimoiylashtirishda Germaniya tajribasi o‘rganildi
Maʼlumki, Yevropa Ittifoqi va Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ), Demokratiya va inson huquqlari instituti, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va qator davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligida “Aholining zaif qatlamlarini resotsializatsiya qilishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi" loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida 2022 yilning 30 oktyabr - 6 noyabr kunlari O‘zbekiston  hamda Qirg‘iziston Respublikalari delegatsiyasi aʼzolari uchun Germaniya Respublikasiga o‘quv safari amalga oshirildi. O‘quv safarida O‘zbekiston tomondan Ombudsman Kotibiyati, Adliya vazirligi, Demokratiya va inson huquqlari instituti, “INTILISH” va “Barkaror Hayot” NNT vakillari ishtirok etishdi.

O‘quv safari davomida mahkumlar va ozod qilingan fuqarolarni qayta ijtimoiylashtirish bo‘yicha Germaniya tajribasi o‘rganildi, xususan, bunda jamoatchilik vakillari va davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.

Xizmat safari doirasida  Berlindagi “Tegel” qamoqxonasiga tashrif buyurib, ushbu muassasada faoliyat yuritayotgan “Helmut Signer universal fondi” xususiy notijorat tashkiloti faoliyati bilan tanishdilar. O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari mahkumlar o‘qitiladigan o‘quv xonalari va ishlab chiqarish binolarini katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirishdi.

Shuningdek, Brandenburgdagi «Neuruppin – Wulkow» qamoqxonasi va Brandenburg Oliy yer sudining ozod qilingan fuqarolarni resotsializatsiya qilish va probatsiya xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Safarning so‘nggi kunida Brandenburg Adliya vazirligi xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qayd etish lozimki, ular muddatidan oldin ozod qilingan va jazosini to‘liq o‘tagan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirishga ixtisoslashgan.

Germaniya tajribasini o‘rganish delegatsiya aʼzolariga mahkumlar va ozodlikka chiqqan shaxslar bilan ishlashda fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishlariga xizmat qildi.