Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryoda Ombudsman maktabi loyihasi doirasida tibbiy ko‘rik, mehnat yarmarkasi va huquqiy ko‘rgazma tashkil etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardorlik darajasi past ekanini ko‘rsatdi. Shuning uchun joriy yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazilib, ularda minglab fuqarolar qamrab olindi.

Navbatdagi “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi tadbirlar 2022 yilning 7 noyabr kuni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida tashkil etildi. Bu galgi tadbir doirasida dastlab, Ombudsman sayyor qabuli, band bo‘lmagan fuqarolar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, aholi uchun tor doiradagi mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘rik, fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va imkoniyatlar bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan ko‘rgazma tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda Viloyatning “Mirzacho‘l”, “Tinchlik” va “Do‘ngariqMFYdan 200 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etishdi.

Bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlari mehnat yarmarkasida Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi vakillari tomonidan 100 ga yaqin vakant ish o‘rinlari taklif etildi. Shuningdek, fuqarolarga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy maslahatlar ham berildi.

Shuningdek, “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida 100 ga yaqin fuqarolar 10 ga yaqin tor doiradagi shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda foydalaniladigan zaruriy tibbiy asbob-uskunalar va boshqa anjomlar bilan jihozlangan mikroavtobuslarda kardiolog, lor, okulist, jarroh, va boshqa yo‘nalishdagi mutaxassislar fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lig‘ini tiklashga doir zaruriy tavsiyalar berishdi. Shuningdek, aholiga 66 turdagi dori-vositalar bepul tarqatildi.

Tadbirda fuqarolarga yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardan aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan tarqatma materiallar ham tarqatildi. Ushbu materiallar Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan taqdim etildi.

“Ombudsman maktabi” doirasidagi asosiy targ‘ibot tadbiri “Aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda davlat organlari va tashkilotlarining o‘rni mavzusiga bag‘ishlandi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi va Mirzaobod tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshliqlari, Viloyatning Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Markaziy bank Sirdaryo viloyati bosh boshqarmalari boshliq o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan Ombudsman Feruza Eshmatova bu galgi “Ombudsman maktabi” tadbir tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda asosiy maqsad davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy himoyani fuqarolar tadbirlarimiz orqali to‘liq his qilishlariga o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat. Bugun fuqarolarga ularning huquqiy xabardorligini oshirish bilan birgalikda Ombudsmanga o‘z murojaatini qoldirish, huquqiy maslahat olish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyatlari yaratilganini qayd etdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati