Fuqaro o‘z murojaatida yoshi 20 yoshda ekanligi, onasi vafot etganidan so‘ng otasiga yolg‘iz vasiy bo‘lib qolganini maʼlum qilgan. Shuningdek, qizning otasi ikkala qo‘lidan ayrilgan, ko‘zi ham ko‘rmasligi sababli mustaqil ravishda harakat qila olmasligi sababli ishlay olmasligini bildirgan.
Mazkur murojaatni joyiga chiqib o‘rganish maqsadida Ombudsman xodimlari va “Tinchlik” MFY raisi ishtirokida ishchi guruh tuzildi.
Murojaatchi K.U.ning turar joyiga yetib borilganda, ishchi guruh aʼzolari yashash uchun mutlaqo shart-sharoitlarga ega bo‘lmagan ikkita kichik xona borligi va xonalarni isitish imkoniyati yo‘qligiga guvoh bo‘lishdi. Qolaversa, oilaning qarzdorligi sabab, xonadon gazdan ham uzib qo‘yilgani maʼlum bo‘ldi.
Fuqaroning aytishicha, u onasi tirik ekanligida boshqa davlatda ishlab pul yuborib turgan. Shu pullarga yangi uy qurishga kirishishgan, lekin, ona vafotidan keyin qiz otasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun vataniga qaytgan va qurilish ishlari chala qolgan. Hozirda qiz tomorqasiga sabzavot va ko‘katlar ekib, ularni sotish orqali kun ko‘radi.
Murojaatchi yog‘ingarchilik kunlarida otasini sovuqdan sog‘lig‘i yomonlashishidan xavotirda va davlatdan sovuq kunlarda issiq boshpanaga ega bo‘lishi uchun yordam so‘ramoqda.
Maʼlumki, so‘nggi yillarda mamlakatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. Qolaversa, yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ga kiritilib, ularga manzilli yordam ko‘rsatilishi belgilangan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) 2022 yilning 25 oktyabr kuni Toshkent viloyati hokimiyatiga murojaat qilib, murojaatchiga uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati