Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari bilan uchrashdi
Joriy yilning 12 noyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizga tashrif buyurgan “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari, Turkiya Respublikasi “Adolat va rivojlanish” partiyasi deputati Osman Mesten bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida mehmon mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar, jumladan Ombudsmanning bu jarayonlardagi o‘rniga to‘xtaldi. Shuningdek, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan monitoring tashriflari va Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqining berilayotgani bo‘yicha fikr almashildi.

“Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari, Turkiya Respublikasi “Adolat va rivojlanish” partiyasi deputati Osman Mesten Inson huquqlari bo‘yicha vakilga qonunchilik tashabbusi huquqining berilayotgani uning maqomini yana-da mustahkamlanishiga xizmat qilishini taʼkidlab, bu boradagi tajribani Turkiyada ham o‘rganish maqsadga muvofiqligi bildirdi.

Shuningdek, mehmon suhbat jarayonida mamlakatimizda Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti yuqori darajada tashkil etilganligini alohida eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholadi va bugungi kunda Turkiya-O‘zbekiston munosabatlarining mustahkamlanayotganligini dunyoning boshqa davlatlariga namuna sifatida ko‘rsatish mumkinligini bildirib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv konstruktiv va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati