Murojaatchilarning yozishicha, joriy yilning iyun oyida masʼul vazirlik va idoralariga qilgan murojaatlari samara bermagan.
Mintaqaviy vakil tomonidan amaldagi qonunchilik asosida ish tashkil etib, tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda murojaat o‘rganildi. Aniqlanishicha, murojaatchilarning roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 67-moddasi 2-qismida “texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi (100-modda ikkinchi qismining 1-bandi) sababli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Lekin, ularga ish qidirish davri uchun to‘lab berilishi kerak bo‘lgan kompensatsiya pullari berilmagan.
Shundan so‘ng, Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritish uchun tegishli maʼlumotlar olish maqsadida ish beruvchi muassasaga so‘rovlar kiritildi. Eʼtiborli jihati shundaki, kompensatsiya masalasi sudgacha bormay qisqa muddat ichida ijobiy yakunlandi.
Natijada joriy yilning 3 oktyabr kuni uch nafar murojaat qilgan o‘qituvchilar va shu qatorida yetmish olti nafar o‘qituvchiga jami 213 mln so‘mga yaqin kompensatsiya pullari to‘lab berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati