Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining VII-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2022 yilning 15 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining VII-yig‘ilishida ishtirok etdi. Mazkur yig‘ilishda ishtirokchilar inson huquqlarini taʼminlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan huquqiy targ‘ibot xususida fikr almashishdi.

Alyans yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Belarus, Serbiya, Mongoliya va Armaniston Ombudsmanlari, milliy inson huquqlari institutlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va davlat hokimiyati organlari, inson huquqlari hamjamiyatlari vakillari qatnashishdi.

EOA yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova ham o‘z maʼruzasi bilan ishtirok etdi. U o‘z so‘zida joriy yildan eʼtiboran aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi respublika bo‘ylab mahallalarda amalga oshirilayotganiga urg‘u berdi. Bunda Ombudsman instituti tomonidan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinib, aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat bo‘lgan sohalar tanlab olingan. Bu loyihani amalga oshirishdan maqsad — aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar yuzasidan xabardorligini oshirishdan iborat – dedi Ombudsman.

Taʼkidlash lozimki, Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi mintaqadagi inson huquqlari himoyachilarining saʼy-harakatlarini birlashtiradigan birinchi Ittifoq hisoblanadi. Ushbu tashkilot Yevroosiyo davlatlari ombudsmanlarining o‘zaro hamkorligini taʼminlab, o‘z mamlakatlari fuqarolarining chet eldagi muammoli masalalarini tezkor hal etish imkonini beradi.

Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining VII-yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, Yevroosiyo mintaqasida inson huquq va erkinliklarini taʼminlashning muhim yo‘nalishi sifatida huquqiy targ‘ibotni kuchaytirishga doir masalalar muhokama qilinib, takliflar ishlab chiqildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati