Mazkur holat yuzasidan tahliliy maʼlumot tayyorlanib, yuqoridagi kabi holatlarni oldini olish maqsadida tavsiyalar ishlab chiqilgan va tegishli davlat idoralariga, xususan Bosh prokuraturaga yuborilgandi.
Farg‘ona viloyat prokuraturasining maʼlum qilishicha, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida Marg‘ilon shahri va Oltiariq tuman prokuraturasi tomonidan tergov oldi tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Xususan, Marg‘ilon shahridagi 16 va 24-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 18 nafar tarbiyalanuvchilarni oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanganlik holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rganilib, mazkur holatda biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan degan sabab bilan 18.10.22 yilda shahar prokuraturasi tergovchisi tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Biroq, mazkur qaror ishi hujjatlari bo‘yicha to‘liq tekshiruv harakatlari olib borilmasdan, barvaqt qabul qilinganligi aniqlanib, 26.10.22 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshirish harakatlarini olib borish uchun tuman IIB TBga yuborildi.
22 hamda 39-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida to‘plangan hujjatlar asosida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, 45 nafar tarbiyalanuvchi oziq-ovqat va sut mahsulotidan yengil darajali o‘tkir zaharlanishi, bu belgi yengil shikastlar toifasiga kirishi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, tumandagi 22 hamda 39-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida sanitariyaga oid qonunchilikni buzilishi odamlarning ommaviy kasallanishi va zaharlanishiga olib kelganligi sababli 14 oktyabr kuni Oltiariq tuman prokuraturasi tomonidan JKning 2571-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan Oltiariq tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etish lozimki, yuqoridagi MTMdagi holatlar Bolalar Ombudsmanining qatʼiy nazoratida turibti.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati