Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyatida narkologik bemorlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Ombudsman mintaqaviy vakili qanday tavsiyalar berdi?
2022 yilning 18 noyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Djurayev Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy - amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filialiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i K.Babakulova, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti Navoiy shahar huquqiy maslahat byurosi rahbari I.Axatovlar ham ishtirok etishdi.

Aniqlanishicha, hozirda filialning 70 o‘rinli statsionar bo‘limida 70 nafar bemor, shulardan 46 nafari sudning qarori bilan majburiy, 24 nafari esa ixtiyoriy tartibda davolanmoqda.

Statsionarda bemorlarning o‘rtacha davolanish kuni 45 kunga to‘g‘ri keladi. Dori-darmon vositalari taʼminoti yetarli darajada.

Filialda davolanayotgan shaxslar uchun mo‘ljallangan palatalar, oshxona, ovqatlanish joylari, yuvinish xonalari o‘rganilganda sanitariya gigiyena talablari bo‘yicha kamchiliklar aniqlanmadi.

Davolanuvchilarga autsoring xizmati orqali kunlik uch mahal ovqat tayyor holda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, ularning madaniy hordiq olishlari uchun kutubxona, ikkita televizor, shaxmat-shashka o‘ynash uchun alohida joylar ajratilgan.

Tashrif davomida muassasada davolanayotgan shaxslar bilan ommaviy uchrashuv o‘tkazildi, Davolanuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan ularning fikrlari eshitildi hamda 3 nafar fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi.

Monitoring doirasidagi o‘rganish va tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, 45 kundan 2 oygacha bo‘lgan majburiy davolash muddatida mavjud kontingentni ularning xohishiga ko‘ra foydali mehnatga jalb qilish orqali davolanuvchilarning kun davomidagi bo‘sh vaqtini samarali va foydali o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.

Mintaqaviy vakil tomonidan muassasa va ishlab-chiqarish subyektlari bilan shartnoma tuzib davolanayotgan kontingentni belgilangan meʼyor asosida 6 soatlik  haq to‘lanadigan ishlarga jab qilish tavsiya etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati