Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryoda mahkumlarni qiynoqqa solish holatlarni oldini olish yuzasidan seminar tashkil etildi
2022 yilning 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatdagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IIVning Jazoni ijro etish departamenti huzuridagi 40-son Manzil-koloniyasining barcha shaxsiy tarkibiga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Mintaqaviy vakil o‘z maʼruzasida inson qadrini yuksaltirish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston qiynoq holatlari bilan qatʼiy ravishda kurashish borasida aniq pozitsiyaga ega ekani, mamlakatimizda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga barham berish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilayotganligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Shuningdek, seminar ishtirokchilariga Davlat rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Seminar davomida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari va ularda aniqlanayotgan kamchiliklarga alohida eʼtibor qaratildi.

Qolaversa, 2022 yilning 9 oyida Ombudsman nomiga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi masalasida 143 ta shikoyat kelib tushgani va ularni ko‘rib chiqilishi natijasida 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilgani va 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani hamda prokuratura tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, 1 ta shikoyat bo‘yicha 1 nafar mahkumga qo‘llanilgan intizomiy taʼsir chorasi noqonuniy deb topilgan va bekor qilingani maʼlum qilindi.

Seminardan so‘ng, 40-son Manzil-koloniyasida saqlanayotgan 6 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar ham o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati