Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir doirasida Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan bepul tibbiy ko‘rik, Viloyat bandlik boshqarmasining bo‘sh ish o‘rinlar yarmarkasi va Adliya boshqarmasining Davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazi tomonidan aholi uchun mobil xizmatlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida o‘tkazilgan asosiy tadbirda kasb-hunarga o‘qitish markazining ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha berilgan imtiyozlar, Monomarkazlarda kimlar qaysi hujjatlar asosida o‘qish va kasb o‘rganish bo‘yicha berilgan imtiyozlar, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlashda qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati, aholiga imtiyozli kreditlarni ajratish tartibi, kontrakt shartnomasi asosida o‘qiyotgan talabalar uchun 12% foizlik daromad solig‘ini qaytarib olish tartibi, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlariga manzilli tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlari bo‘yicha tushunchalar berildi.
Tadbirda Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini taʼminlash sohasida amalga oshirayotgan ishlari hamda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishdagi faoliyati haqida maʼlumot berdi.
Shu kuni 325 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 56 nafar fuqaroga DXM tomonidan mobil xizmatlar ko‘rsatildi, 38 nafar fuqaro bo‘sh ish o‘rinlar yarmarkasida ishtirok etdi.
Shuningdek, pensiya masalalari bo‘yicha 28 nafar, imtiyozli kredit bo‘yicha 42 nafar va soliq imtiyozlari bo‘yicha 21 nafar fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati