Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xalqaro konferensiya: gender zo‘ravonlik muammosini hal etishda barcha darajalarda o‘zaro manfaatli munosabatlar muhim
6 dekabr kuni, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi (UNFPA) ko‘magida "Zo‘ravonlikka qarshi kurashni institutsionalizatsiya qilish. Mediada gender sezgir obrazlarni yaratish" mavzusida tajriba va bilim almashishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi – Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – BMTning Jenevadagi vakolatxonasi Bosh direktori Tatyana Valovaya, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva, BMT doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sharlotta Adrian, tegishli davlat organlari va nodavlat sektor vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, shuningdek, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Konferensiyada gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish zarurati, xotin-qizlar huquqlarini institutsional himoya qilishda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha tegishli qo‘mitaning roli, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ayollarni himoya qilish mexanizmlari kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan OAV faoliyatida ayollar va erkaklar teng huquqliligi kafolatlarini taʼminlash, jumladan, gender kadrlar tengligidan axborotni taqdim etishgacha bo‘lgan barcha nuqtai nazarlar ko‘rib chiqildi. Konferensiya yakunida O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati