Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Komissiya aʼzolari ayblanuvchilar bilan suhbatlashishdi
Joriy yilning 23 dekabr kuni Komissiya aʼzolari F.Eshmatova boshchiligida Buxoro viloyatidagi 4-son Tergov hibsxonasiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida hibsxonadagi shart-sharoitlar, isitish tizimi va oziq-ovqat taʼminoti o‘rganildi.

Shuningdek, Komissiya aʼzolari ushbu Tergov hibsxonasida saqlanayotgan A.Turdanov, N.Nayimov, A.Nuratdinov, B.Kadirbergenov, B.Seytnazarov hamda L.Kallixanovalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida ular saqlash shart-sharoitlaridan hech qanday eʼtirozlari yo‘qligini, taʼminotlari yaxshiligini, shu bilan bir qatorda sud jarayoni ham qonuniy tarzda o‘tkazilayotganligini maʼlum qilishdi.

Ayblanuvchi N.Nayimov quyidagilarni maʼlum qildi.

-Buxoro viloyatidagi Tergov hibsxonasiga kelishdan biroz qo‘rqqan edim. Lekin xavotirlarim bekor bo‘lib chiqdi. Bu yerdagi sharoitlar yaxshi, kameralar issiq, oziq-ovqatlardan ham shikoyatim yo‘q.

B.Kadirbegenov ham N.Nayimovning so‘zlarini tasdiqladi.

- Men D.Tadjimuratovning gaplariga ishonib, bo‘lib o‘tgan holatlar va voqealarda qatnashib adashdim. Shu paytgacha D.Tadjimuratovni qo‘llab kelganman, lekin bizni yuzlashtirishganida u faqat xalqni va bizni ayblab ko‘rsatma berdi. Sud jarayonida ham faqat bizni ayblamoqda. U xalqini sotdi, aslida bu ishlarga u sababchi. Shundan so‘ng barchamiz unga qarshi ko‘rsatma berdik.

Shuningdek, A.Turdanov ham Buxoro viloyatidagi Tergov hibsxonasida hammasi yaxshi ekanligini, 2-son Tergov hibsxonasidan sharoitlar ancha yaxshiligini, kameralari kengligini bildirdi.

Suhbat davomida, ular ko‘rsatmalarni o‘z xohishlari bilan berayotganliklarini, ularga ko‘rsatma berishga biror-bir shaxs tomonidan ruhiy yoki boshqacha tarzda taʼsir bo‘lmayotganligini, 23 dekabr kuni ham o‘zaro kelishilmagan holda Prezidentdan va xalqdan kechirim so‘raganliklarini maʼlum qilishdi.

Shuningdek, ular sayr uchun 10-15 daqiqa berilayotganligini, biroq ob-havodan kelib chiqib o‘zlari rad etayotganliklarini maʼlum qilishdi. Qolaversa, ularga kerakli paytda tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani va hibsxonaning barcha xodimlaridan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya aʼzolari shu kuni L.Kallixanova bilan ham uchrashishdi. U saqlash sharoitlari yaxshi ekanligini, hech qanday eʼtirozi yo‘qligini maʼlum qildi.

Shuningdek, L.Kallixanova ushlash vaqtida ham unga nisbatan hech qanday ruhiy va jismoniy qiynoq bo‘lmaganligini, huquq-tartibot idoralari xodimlari uni uyidan olib chiqib ketish jarayonida tushlik qilib olishiga ham sharoit qilib berganliklarini, tergov vaqtida ham, hozirda ham ko‘rsatmalarni o‘z xohishi bilan berayotganligini, qoraqalpoq xalqiga bosim orqali nimanidir ayttirish mumkin emasligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati