Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan murojaat ijobiy hal etildi
Xabaringiz bor, ombudsman.uz rasmiy saytida Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi yordamga muhtoj nogiron ota va uning yagona vasiysining murojaati Ombudsman tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgani haqida maʼlum qilingan edi. Unda murojaatchining yashash uchun mutlaqo shart-sharoitlarga ega bo‘lmagan, sovuq va qarzdorligi uchun gazdan ham uzib qo‘yilgan uyda yashashi aytilgan.

Mazkur holat bo‘yicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Toshkent viloyati hokimiyatiga murojaat qilib, murojaatchiga uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni so‘ragan edi.

Ombudsmanga maʼlum qilinishicha, hozirda murojaatchining chala qurilgan uyi homiylar tomonidan taʼmirlandi, issiqlik va gaz bilan taʼminlangan.

Shuningdek, 2-guruh nogironligi bo‘lgan ota tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 1-guruh nogironi sifatida ro‘yxatga olingan. 

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 avgustdagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini shakllantirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 6-bandiga muvofiq, yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uyida parvarish qilish bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi hamda ular maishiy xizmat ko‘rsatishni, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini, zarur sanoat tovarlarini va dori-darmonlarni sotib olish va uyiga yetkazib berishni, ovqatlar tayyorlashda va uyni yig‘ishtirish-tozalash, gigiyena ishlarida ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati