Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqanddagi bolalar shifoxonasida 18 nafar bola vafot etgani bo‘yicha Bolalar Ombudsmani  monitoring o‘tkazdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi bolalar shifoxonasida Dok- 1MAKS preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani haqida maʼlumot tarqaldi.

Joriy yilning 24 dekabr kuni Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili A. Yunusova hamda Bola huquqlarini taʼminlash sektori vakillari Samarqand viloyati bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri, viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, Samarqand shahar prokuratura xodimlari, viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbari va viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri ishtirokida yuqoridagi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

O‘rganishlar ko‘rsatmoqdaki, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sentyabr-dekabr oylarida 21 nafar bemor o‘tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo‘lgan, 3 nafar bemor sog‘lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6  yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3  yoshgacha bo‘lgan bolalar.

Bemorlarning yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari bo‘lganligi va davolash maqsadida Dok-1MAKS preparati qabul qilishganligidan so‘ng ahvoli og‘irlashganligini bayon qilishgan. Dok-1MAKS preparatining har 10 mlda paratsetamol — 500 mg, gvayfenezin — 200 mg, fenilefrina gidroxlorid — 10 mg mavjud. Mutaxassislar Dok-1MAKS preparati qo‘llanilishi ko‘rsatmasida preparatni 2 yoshdan qo‘llash mumkinligi ko‘rsatilganligi, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlari asosan 12 yoshdan keyin qo‘llashga ruxsat berilganligini taʼkidlashdi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunining 40-moddasida patologik-anatomik tadqiqotlar sog‘liqni saqlash muassasalarida odam hayotligida hamda o‘lganidan so‘ng tashxis qo‘yish (biopsiya va autopsiya), shuningdek, klinik sharoitda tashxis qo‘yish va kasallikni davolash ishlarining to‘g‘ri olib borilganligini nazorat qilish, o‘lim sabablari haqida aniq maʼlumotlar olish maqsadida o‘tkazilishi belgilangan.

Shu bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (22.02.2019 yil. ro‘yxat raqami 3138) ko‘ra davolash-profilaktika muassasalarida vafot etgan shaxslarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish belgilangan, lekin vafot etgan bemorlarning birortasi ham patologik-anatomik tadqiqotdan o‘tkazilmagan.

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi o‘z o‘rganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir o‘lim holati bo‘yicha surishtiruv-tergov olib bormoqda. Bola huquqlari bo‘yicha vakil Samarqand viloyati prokurori birinchi o‘rinbosaridan holat bo‘yicha chuqur o‘rganish olib borishlarini va har bir holatda aybdorlar jazosiz qolmasligi, qonun ustuvorligi taʼminlanishi shartligini so‘radi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan holat to‘liq nazoratga olindi.

Hurmatli ota-onalar, farzandlaringiz salomatligiga beeʼtibor bo‘lmang! Ularga shifokor tavsiyasisiz, o‘z boshimchalik bilan dori preparatlarini bermang. Dori vositalarini noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida bola salomatligiga jiddiy zarar yetishi mumkin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati