Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ning xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyati haqida brifing
Qayd etish lozimki, Ombudsman instituti 1995 yilda MDH davlatlari orasidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib joriy etilgan. Mazkur institut hozirda Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsmanlari instituti, Osiyo Ombudsmanlari Assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Assotsiatsiyasi va Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro tashkilotlarning to‘la qonli aʼzosi hisoblanadi.

Qolaversa, 2020 yilda Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi tomonidan Ombudsman Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilib, unga 2021 yildan “v” maqomi berilgan.

Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish Vakil faoliyatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Ushbu faoliyat xalqaro konvensiya va shartnomalar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi hisobotiga muqobil maʼruzalar tayyorlashda ishtirok etish, xorijiy Ombudsmanlar bilan ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish, xalqaro forumlar, chet el delegatsiyalarini qabul qilishda ishtirok etish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkasblar murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali amalga oshirilmoqda.

Shu kunga qadar 20 ga yaqin xorijiy ombudsmanlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Markaziy Osiyo Ombudsmanlari o‘rtasidagi aloqalar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan joriy yilda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I-Forumi  orqali yana-da mustahkamlandi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi hamda Forum yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Imzolangan memorandumlar doirasida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha ham ishlanmoqda. 2022 yilda chet el fuqarolari, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari hamda chet el Ombudsmanlari tomonidan jami 61 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 26 ta murojaat Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Rossiya federatsiyasi va boshqa davlatlar Ombudsmanlari tomonidan yuborilgan va ularning 70 foizga yaqini ijobiy hal etilgan.

Shuningdek, Ombudsman tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Ombudsmanlariga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda bo‘lgan vatandoshlarimiz manfaatlarida 20 dan ortiq murojaat yuborilgan.  

Jumladan, shu yilning 4 oktyabrida jizzaxlik fuqaro o‘g‘liga nisbatan Qirg‘iziston Respublikasining sudi tomonidan chiqarilgan xukmidan noroziligi sababli, o‘g‘lining huquqlarini himoya qilishni so‘ragan.

Ushbu masala Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, Qirg‘iziston Respublikasi Aykikatchiga (ombudsman) tegishli xat yuborilgan.

Natijada, Qirg‘iziston Respublikasi Aykikatchi (ombudsman) murojaatchining o‘g‘li saqlanayotgan tergov hibsxonasiga borib holatni o‘rgangan. Hozirgi kunda unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiya o‘zgartirilib, u tergov hibsxonasidan ozod etilgan.

Qolaversa, mehnat muhojirlarining huquqlari va manfaatlarini o‘rganish maqsadida xorijiy mamlakatlarga xizmat tashrifi amalga oshiriladi. Ularda o‘sha davlatlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz uchun sayyor qabullar ham tashkil etib borilmoqda. Xususan, joriy yilda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Polsha davlatlarida fuqarolar qabuli o‘tkazilib, ularda 100 dan ortiq yurtdoshlarimiz bilan suhbat o‘tkazildi.  

Xalqaro aloqalarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida Ombudsman O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro konvensiyalar ijrosi bo‘yicha hukumat hisoboti bilan birgalikda, muqobil maʼruzalar kiritishga alohida eʼtibor beriladi. Joriy yilda BMTning tegishli Qo‘mitalariga Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalari, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi ijrosi bo‘yicha muqobil maʼruzalar kiritildi.

Joriy yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyat xodimlarining malakasini oshirish uchun ularning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropa Kengashi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqa xalqaro hamkorlar ko‘magida  taʼlim muassasalari va xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarida taʼlim olishi va amaliyot o‘tashi tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) BMT organlari, YEXHT, Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining global Alyansi, USAID, “Xalqaro qamoqxonalar islohoti”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi (PRI) kabi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi faol rivojlanib bormoqda.

Joriy yil davomida 10 ga yaqin seminar-treninglar tashkil etildi va unda 250 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan joriy yil davomida mamlakatimizda 3 ta xalqaro konferensiya tashkil etildi. 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institut rahbarlari bilan 20 ga yaqin ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlarning 30 dan ortiq vakillari bilan 12 marotaba uchrashuv tashkil etildi. Shuningdek, Ombudsman xorijiy mamlakatlarda tashkil etilgan 8 ta turli mavzudagi xalqaro tadbirda ishtirok etgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati