Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Marhum Polat Shamshetovning bevaqt o‘limi yuzasidan Mustaqil komissiyaning rasmiy bayonoti
Avval xabar berilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya aʼzolari Polat Shamshetovning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida 4-sonli Tergov hibsxonasiga borib, u yerdagi sharoitlar, kamera yozuvlari, dastlabki tibbiy xulosa va boshqa tegishli hujjatlarni o‘rganishdi. Shuningdek, marhum bilan bitta kamerada bo‘lgan  shaxslar va tergov hibsxonasi xodimlari bilan suhbat o‘tkazishdi.

Marhum P.Shamshetov bilan bir kamerada bo‘lgan B.M. va Sh.S.lar bilan suhbatda, ular 3 fevral kuni nonushtadan keyin kamerada sud hukmini qayta-qayta o‘qigan, muhokama qilishgan, tushlikdan so‘ng sayr qilishgach, kameraga qaytishgan. Ularning aytishicha, shu kunlarda P.Shamshetov ko‘p tamaki chekkani tufayli nafas olishi og‘irroq bo‘lib qolgan. Xonadoshlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni marhum ko‘p bezovtalangan, to‘satdan ularning ko‘z o‘ngida xushini yo‘qotgan.

Kamera yozuvlarida marhum Shamshetovning o‘sha kundagi harakatlari, sanitariya-gigiyena xodimi va tez tibbiy yordamning operativ harakatlari aniq aks etgan.

4 fevral kuni soat 01:50da P.Shamshetovning sog‘ligi yomonlashganligi sababli kameradoshlari hibsxona tibbiyot bo‘limi shifokorini chaqirtirgan. Hibsxona tibbiyot bo‘limi feldsheri katta serjant D.Temirov kameraga kelgan vaqtida mahkum P.Shamshetov hushsiz holatda bo‘lgan. Soat 02:15 da RSHTTYOIM Buxoro viloyati filiali tez yordam shifokori A.G‘afurov va feldsher M.Raxmonov yetib kelgan vaqtda mahkum P.Shamshetovni biologik o‘lim holatida ekanligini aniqlangan.

O‘rganish davomida Buxoro viloyat sud tibbiy ekpertizasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarning videoyozuvlari ham tahlil qilindi.

Shuningdek, Komissiya aʼzolari marhum vafot etgan kunda o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro viloyatidagi filialidan jalb qilingan tez yordam shifokori A.G‘afurov va feldsher M.Raxmonovlar hamda sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazgan Respublika Sud tibbiy ekspertiza markazi Buxoro viloyat filiali mutaxassislari bilan ham suhbatlashib, kerakli maʼlumotlarni olishdi.

Bundan tashqari, mahbuslarga tasdiqlangan menyu asosida berilgan taomlar ko‘rib chiqildi va oshxonadagi sharoitlar o‘rganildi.  O‘rganish davomida, marhumga nisbatan ruhiy yoki jismoniy qiynoq qo‘llanilishi mumkinligiga oid maʼlumotlar assosiz ekanligi aniqlandi.

Marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga Komissiya aʼzolari nomidan taʼziya izhor etamiz.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati