Keyingi yillarda Ombudsman faoliyati kengaydi, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha natijalar yaxshilanmoqda. Xususan, 2022 yil 1 yanvardan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari ham doimiy asosda faoliyat yurita boshladi. Murojaatlarni har tomonlama o‘rganish, tezkor hal etishda bu muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hududlarda sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelmoqda.
Hisobotda keltirilishicha, 2022 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 17761 ta murojaat kelib tushgan. Bu 2021 yil bilan taqqoslaganda 5,2 foizga kamdir. Ombudsman tomonidan 2022 yilda oila huquqi yo‘nalishida 683 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 327 tasi parlament nazorati subyekti sifatida o‘rganilgan.
Fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatilishi, nogironlik nafaqasini olish, pensiya olishdagi muammolar va boshqa masalalarda ham murojaatlar qonun doirasida hal etilgan. Fraksiya a’zolari hisobot bilan tanishar ekan, partiya elektorati manfaatlari himoya qilinishi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni alohida e’tirof etdilar. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi chekka hududlarda ko‘proq istiqomat qilishini inobatga olib, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyatini yanada jonlantirish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdilar.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari qiynoqlarga qarshi kurashda, fuqarolarning huquqlarini qat’iy himoya qilishda Ombudsman faoliyati ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida so‘rashdi. Ombudsman Feruza Eshmatova tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi. Shu bilan birga, davlat hokimiyati, huquq-tartibot idoralari faoliyatini tahlil qilish, tizimli takliflar ishlab chiqish kerakligi ham tavsiya etildi. Muhokamalardan keyin hisobot ma’qullandi.