Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning 2022 yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi
Joriy yilning 13 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda fraksiya a’zolari tomonidan dastlab Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Inson huquqlari sohasiga oid me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi va takomillashib borishi Ombudsman institutiga fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi vakolatlari hamda natijadorlikning oshishiga turtki bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi inson huquqlariga oid qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek inson huquqlarini ta’minlashda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarning asosini tashkil etadi.

Shu nuqtai nazardan, Ombudsman institutining asosiy maqsadi insonlarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanishiga qaratildi. Ombudsmanga konstitutsiyaviy organ maqomi berilganligi tizimning inson huquqlarini himoya qilish imkoniyati ortishiga yo‘l ochdi. Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida Ombudsmanning faoliyati kengaytirildi, uning viloyatlarda vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hisobot davrida Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlar soni 17 761 tani tashkil etgan. Ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan joylarda o‘rganishlar, turli uchrashuvlar tashkil etildi. Ombudsman jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflarini amalga oshirib, mahkumlar bilan bevosita suhbatlar olib bordi hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rdi.

Yig‘ilishda Ombudsman tomonidan fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasida 2022 yilda amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Ombudsmanga bu yo‘nalishda 124 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularda toza atrof-muhitga bo‘lgan huquq, qurilish ishlarida shaharsozlik qoidalariga rioya qilmaslik, daraxtlarning kesilishi, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonida fuqarolarning toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini tiklash hamda inson hayoti va faoliyatining ekologiyaga salbiy ta’sirining oldini olish yuzasidan choralar ko‘rilgan.

Deputatlar tomonidan insonning yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka bo‘lgan huquqlarining ta’minlanganlik holatlariga Ombudsmanning 2022 yildagi faoliyati davomi alohida e’tibor qatarilganligi e’tirof etildi hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti ma’qullandi.