Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, Tug‘ruq bo‘limining katta doyasi hech bir asossiz, smenalar qisqartirilgani, xodimlar 100 foiz kunduzgi va tungi smenaga o‘tkazilishini maʼlum qilgan. Murojaatchilarning biri homilador, ikkinchisining kichik yoshdagi, boshqasining esa qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi borligiga qaramasdan, ular tungi smenaga qo‘yilgan. Kechki paytda ishlash ularning oilaviy sharoitlariga to‘g‘ri kelmasligini va vaziyatlarini eʼtiborga olib, ularni kunduzgi smenaga o‘tkazish bo‘yicha qilgan murojaatlari eʼtiborsiz qoldirilgan.
Fuqarolar murojaatlarida kunduzgi va tungi smenalarga taqsimot tanish-bilishchilik asosida qilingani hamda murojaatchilar ishdan bo‘shashga majbur bo‘layotganliklarini qayd etishgan.
Mazkur murojaatni xolisona o‘rganish maqsadida Ombudsmanning Andijondagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan, Viloyatning Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G.Qayumova, SSB yuristkonsulti M.Ramazonov, Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi huquq inspektori M.To‘htaboyevlardan iborat ishchi guruh tashkil etilib, holat joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganish davomida, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 228-moddasiga zid ravishda ish tashkil qilganligi aniqlandi. Unga ko‘ra homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Tug‘ruq kompleksi mudiri va katta doyaga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-modda, 1-bandiga asosan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Shuningdek, Tug‘ruq bo‘limi xodimlarining roziliklari asosida 1-navbatchilik soat 08:00dan 14:00gacha, 2-navbatchilik 14:00dan 20:00gacha, 3-navbatchilik 20:00dan, ertalabki 08:00gacha etib belgilangandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati