Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Fransiya Ombudsmanlari institutlarining hamkorligi mustahkamlanmoqda
2023 yilning 16 mart kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova va Fransiya huquq himoyachisi o‘rinbosari, mediatsiya bo‘yicha bosh delegat D.Agasinski o‘rtasida videomuloqot shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Fransiya huquq himoyachisi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda dastlab, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev so‘z olib, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. Xususan, Davlat rahbarining 2022 yil 21-22 noyabr kunlari Fransiyaga qilgan rasmiy tashrifidan so‘ng, O‘zbekiston va Fransiya davlatlari o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilmiy-gumanitar sohalarda keng hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.

Shuningdek, Elchi janoblari har bir mamlakatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda Ombudsman institutlarining roli muhim ekanligiga eʼtibor qaratdi.

O‘zaro muloqot davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, so‘nggi yillarda Ombudsman instituti faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar, yangiliklar va ularning samarasi, xususan, 2022 yildan ish boshlagan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari faoliyati hamda qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etishda Ombudsmanning o‘rni va boshqa masalalar bo‘yicha so‘z bordi.

Shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilayotganligi haqida ham alohida to‘xtalindi.

Fransiya huquq himoyachisi o‘rinbosari, mediatsiya bo‘yicha bosh delegat D.Agasinski mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va uchrashuv jarayonida Fransiyada Mediatsiya instituti faoliyati yuzasidan maʼlumotlar berdi hamda bu borada O‘zbekiston Ombudsmani bilan faol hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Mazkur uchrashuv konstruktiv va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati